Murojaatlar kamaymoqda, muammolar joyida hal etilmoqda
2026-06-03 15:55:00 / Yangiliklar
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va xalqchilligi ta’minlanib, har bir rahbarning aholi dardini eshitishi, muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganishi va hal etishi ustuvor vazifaga aylandi. Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Do‘stlik tumani misolida tahlil qilinganda ham murojaatlar bilan ishlash tizimida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Raqamlarga e’tibor qaratsak, 2024 yil davomida Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari orqali tuman aholisidan 3309 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 2110 tasi yoki 64 foizi ijobiy hal etilgan.
2025 yilda murojaatlar soni 2384 tani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 925 taga yoki qariyb 28 foizga kamaygan. E’tiborli jihati shundaki, ijobiy hal etilgan murojaatlar ulushi 67 foizga yetgan. Bu esa murojaatlar sonining kamayishi bilan birga ularni ko‘rib chiqish va hal etish samaradorligi ham oshganini ko‘rsatadi.
2026 yilning dastlabki uch oylik natijalari ham ijobiy tendensiya saqlanib qolayotganini tasdiqlaydi. Joriy yilning yanvar-mart oylarida 358 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 230 taga yoki 39 foizga kamdir. Murojaatlarning 61 foizi ijobiy hal etilgan.
Shuningdek, 2026 yilning besh oyi yakunlari bo‘yicha ham murojaatlar sonining kamayish tendensiyasi davom etmoqda. Yanvar-may oylarida jami 650 ta murojaat qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 335 taga yoki 35 foizga kamaygan.
Ushbu raqamlar nimadan dalolat beradi?
Avvalo, murojaatlar sonining kamayishi aholi muammolariga joylarda yechim topilayotganini anglatadi. Bugungi kunda sektor rahbarlari, tashkilot va idoralar mutasaddilari tomonidan sayyor qabullar, mahallalardagi uchrashuvlar va xonadonbay o‘rganishlar muntazam tashkil etilmoqda. Natijada ko‘plab masalalar yuqori tashkilotlarga chiqmasdan turib hal etilmoqda.
Ikkinchidan, mahallabay ishlash tizimining joriy etilgani aholi dardini erta aniqlash va muammolarni bartaraf etish imkonini bermoqda. Yo‘l, elektr ta’minoti, ichimlik suvi, bandlik, ijtimoiy himoya kabi masalalar bo‘yicha murojaatlarning bir qismi profilaktik tarzda hal etilmoqda.
Uchinchidan, davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi va aholiga yaqinlashtirilishi ham murojaatlar sonining qisqarishiga xizmat qilmoqda. Ko‘plab xizmatlarni elektron shaklda olish imkoniyatining yaratilishi ortiqcha sarsongarchiliklarning oldini olmoqda.
Biroq tahlillar murojaatlar bilan ishlash sohasida hali qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar ham mavjudligini ko‘rsatadi. Ayrim masalalarning yechimi qo‘shimcha mablag‘, vaqt yoki yuqori tashkilotlar bilan hamkorlikni talab qiladi. Shu bois murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, takroriy murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish hamda aholini qiynayotgan muammolarni tizimli hal etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, Do‘stlik tumanida aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Murojaatlar sonining yildan-yilga kamayib borayotgani, muammolarning joylarda hal etilayotgani va aholi bilan muloqotning yangi mexanizmi shakllangani bu boradagi islohotlarning amaliy natijasidir. Eng muhimi, har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini anglagan holda ish olib borish davlat idoralarining asosiy mezoni bo‘lib qolmoqda.
