Oilaviy nizolarning kelib chiqish sabablari va bartaraf etish yo‘llari.
2026-06-02 11:00:00 / Yangiliklar
Markaziy Osiyoda qadimdan nikoh va oila munosabatlari muqaddas sanalgan.
Islom dinining asosiy qomusi bo‘lmish Qur’oni Karim va Hadisu shariflarda jamiyatda kishilar o‘rtasidagi munosabatlar, oilaviy-maishiy munosabatlarning shunday bir murakkab va takomillashgan dasturi ishlab chiqilganki, unda yosh avlod tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, oila jamiyatning negizi bo‘lganidan islomda oilaga katta e’tibor berilib, oilani qanday tashkil etish, uning boshlig‘i va a’zolarining huquqlari, farzandlar tarbiyasi, bir so‘z bilan aytganda, oilaviy hayotning barcha masalalari atroflicha hal etilgan.
Er-xotinning o‘zaro munosabati oila mustahkamligi garovi bo‘lganligi uchun islomda er-xotinning totuv yashashiga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, Qur’onda erkaklarga xitoban “Ayollar bilan kelishib, tinch-totuv yashanglar” deb amr qilinadi. Shuning uchun ayollarga yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo‘shiladi. Shuningdek, Qur’onga ko‘ra, oilaviy bahslar paydo bo‘lganida, ularni er-xotinlar tomonidan oqilona va odilona hal qilinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Qanday holatda bo‘lmasin, Qur’on oiladagi zulm yoki jismoniy tahqirlashlarni ma’qullamaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida oila, onalik va bolalik davlat himoyasidadir” deb ko‘rsatilgan. Davlat tomonidan onalik, otalik va bolalikning muhofaza qilinishi va ularning manfaatlarini har taraflama himoya qilish – oila huquqining muhim prinsiplaridan biri hisoblanadi.
Oilaning asosini nikoh tashkil etadi. Shuning uchun nikoh masalasiga o‘ta mas’uliyat bilan qarash lozim. Zero, Vosiqova M.S. ning “Oila va qonun” nomli kitobida “nikoh oila asosi bo‘lganligi uchun uning to‘g‘ri hal qilinishi davlat uchun ham, jamiyat uchun ham katta ahamiyatga ega” deb yozilgan.
Oila kodeksining 13-moddasi mazmunidan kelib chiqib, faqat FHDYO organlarida tuzilgan nikohgina qonuniy hisoblanadi va u er-xotin, farzandlar uchun huquq va burchlar keltirib chiqaradi. Demak, qonunda ko‘rsatilgan tartibda rasmiylashtirilgan nikohgina oila vujudga kelishiga birdan-bir asos bo‘la oladi. Nikohning tuzilishi oilaviy munosabatlarning boshlanishidan dalolat beradi
Bundan tashqari, oila-nikoh masalalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti tartibi to‘g‘risida”gi Qarorida ham ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, Oila kodeksining 37-moddasiga muvofiq, nikoh er-xotindan birining vafoti yoki ulardan biri sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida tugashini, er va xotin hayotligida nikoh ulardan biri yoki har ikkalasining arizasiga ko‘ra nikohdan ajratish yo‘li bilan tugatilishi mumkinligini, zarur hollarda, agar buni muomalaga layoqatsiz er yoki xotin manfaatlari himoyasi taqozo etsa, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ariza uning vasiysi tomonidan berilishi mumkinligini, Oila kodeksining 42-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan umumiy bolalari bo‘lmagan er-xotinning o‘zaro roziligi bo‘lgan taqdirda, nikohdan ajratish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida (bundan buyon matnda- FHDYO organlari) amalga oshirilishini, er-xotin o‘rtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy ta’minot berish yoki umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risida nizo mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasnoligini, Oila kodeksining 43-moddasiga muvofiq, nikohdan ajratish quyidagi hollarda er-xotindan birining arizasi bo‘yicha, ular o‘rtasida voyaga yetmagan umumiy bolalar borligidan qat’i nazar, FHDYO organlarida amalga oshirilishini, agar er-xotindan biri sud tomonidan:
bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;
ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa;
sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa.
Xulosa tariqasida, Davlatimiz oldida turgan muhim vazifalardan biri to‘laqonli oilani shakllantirish va muhofaza qilish ekan, bevosita bu borada o‘zaro nikohda bo‘lmagan shaxslardan tug‘ilgan bolalarning huquqiy himoyasini ta’minlashga erishish va nikohsiz yashash holatlariga barham berish choralarini kuchaytirish lozim, chunki bu masala negizida onalik va bolalikning davlat tomonidan muhofaza qilinishi, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, qolaversa, bolalarning nasl-nasabini belgilashga oid qoidalar muhim o‘rin tutadi.
B.O.Kazakov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudining raisi
