Toshkent shahri, Sirg‘ali tumanida joylashgan havo kemalariga xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy yonilg‘i qo‘yish majmuasining ochiq savdo jarayonlari yuzasidan maʼlumot
2026-10-30 17:10:00 / Yangiliklar

Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahri, Sirg‘ali tumanida joylashgan havo kemalariga xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy yonilg‘i qo‘yish majmuasi (keyingi oʻrinlarda – Majmua) ochiq savdo jarayonlarining dastlabki – Majmuani sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Expression of Interest, EoI) bosqichi boshlangan.
Mazkur jarayonni tashkil etish uchun “Ernst and Young” xalqaro kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb etilgan.
Dastlabki bosqich doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing va targʻibot ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Belgilangan muddat – 2026-yil 23-oktabrga qadar, 5 nafar investorlar tomonidan qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (EoI) Konsultantga taqdim etildi.
Konsultant tomonidan kelib tushgan arizalar quyidagi avvaldan belgilangan mezonlar asosida oʻrganib chiqiladi:
- talabgorlarning moliyaviy imkoniyatlarining yetarliligi;
- jinoiy daromadlar va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunchilikka rioya etilishi;
- talabgorlarning Yevropa Ittifoqi, AQSh va xalqaro moliya institutlari sanksiya roʻyxatlariga kiritilmaganligi.
Tahlil natijalariga koʻra, Konsultant tomonidan ushbu mezonlarga toʻliq muvofiq deb topilgan talabgorlar xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflarni (Binding Offer, BO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi.
Davlat aktivlari agentligi Konsultant bilan hamkorlikda savdoning har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilikka axborot berib borilishini taʼminlaydi hamda xususiylashtirish jarayonlariga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi.
Diskleymer:
Davlat aktivlari agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davlat aktivlari agentligining Obyektni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davlat aktivlari agentligi oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:
(i) savdo jarayonining bosqichlari muddati va tartibini oʻzgartirish;
(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davlat aktivlari agentligi tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;
(iii) aniq sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;
(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni olib borish/tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.
