Byurokratiyani bartaraf etish – 2030
“«Byurokratiyani bartaraf etish – 2030 » dasturi hamda “Byurokratiyasiz Oʻzbekiston” jamoatchilik tashabbusi toʻgʻrisida maʼlumot
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-noyabrdagi F-68-son Farmoyishi bilan tasdiqlangan “«Byurokratiyani bartaraf etish – 2030”» dasturi doirasida “Byurokratiyasiz Oʻzbekiston” jamoatchilik tashabbusi oʻtkazilmoqda.
Tashabbusdan koʻzlangan asosiy maqsad — fuqarolar va tadbirkorlar davlat idoralariga murojaat qilganda duch kelayotgan byurokratik toʻsiqlarni oʻrganish, ularning eng dolzarblarini saralash va amaliy islohotlarga aylantirishdan iborat.
Dastur haqida
“«Byurokratiyani bartaraf etish – 2030”» — davlat boshqaruvidagi ortiqcha maʼmuriy yuklamani kamaytirish, xizmat koʻrsatish jarayonlarini soddalashtirish va davlat xizmatlarini zamonaviy, qulay hamda raqamli shaklga oʻtkazishga qaratilgan tizimli islohot dasturidir.
Dastur doirasida amaldagi jarayonlarning samaradorligi baholanib, fuqarolar va tadbirkorlar uchun ortiqcha talablar, samarasiz bosqichlar hamda vaqt va resurs talab qiladigan jarayonlar maqbullashtiriladi. Shu bilan birga, davlat organlari faoliyatini zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida takomillashtirish choralari koʻrilmokda.
Soʻnggi yillarda davlat xizmatlarini raqamlashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirib kelinayotganiga qaramay, davlat boshqaruvining ayrim sohalarida takrorlanuvchi tartib-taomillar, ortiqcha hujjat talablari, koʻp bosqichli kelishuvlar, qogʻozbozlik, idoralararo maʼlumot almashinuvining yetarli emasligi va xizmat koʻrsatish muddatlarining uzoqligi kabi muammolar saqlanib qolmoqda.
Bunday holatlar fuqarolar va tadbirkorlarning vaqtini oladi, qoʻshimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi hamda davlat organlari faoliyati samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Dastur doirasida ortiqcha tartib-taomillar bartaraf etiladi, keraksiz tasdiq va kelishuv bosqichlari qisqartiriladi, idoralararo maʼlumot almashinuvi takomillashtiriladi. Shuningdek, xizmatlarni raqamlashtirish, xizmat koʻrsatish muddatlari va xarajatlarini kamaytirish, davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash mexanizmlarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmokda.
Dastur kimlarga qaratilgan?
Dastur, avvalo, davlat xizmatlaridan foydalanuvchi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun amaliy natija berishga yoʻnaltirilgan.
Unda, xususan:
fuqarolar koʻp foydalanadigan davlat xizmatlari va jarayonlar;
tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun muhim boʻlgan xizmatlar;
bir nechta davlat organlari ishtirok etadigan murakkab maʼmuriy jarayonlar
ustuvor yoʻnalishlar sifatida koʻrib chiqiladi.
Bu jarayonda jamoatchilik fikri muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki kundalik hayotdagi ortiqcha hujjat, uzoq kutish, takroriy murojaat yoki murakkab tartib-taomillarni bevosita shu xizmatlardan foydalanayotgan fuqarolar va tadbirkorlar yaxshi biladi.
Shu bois dastur doirasida jamoatchilikning amaliy takliflarini jalb etish, eng dolzarb muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish va ularni tizimli islohotlarga yoʻnaltirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Tashabbus qanday oʻtkaziladi?
Tashabbus 2026-yil 21-sentyabrdan 20-noyabrgacha davom etadi. Ushbu davrda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari murojaat.byurokratiyasiz2030.uz elektron platformasi orqali oʻzi duch kelgan byurokratik toʻsiq haqida taklif yuborishi mumkin.
Har bir taklifda muammoning aniq tavsifi, uning oqibati yoki vaqt va resurs yoʻqotishi, amaliy yechim hamda imkoniyat boʻlsa, tasdiqlovchi dalillar koʻrsatilishi lozim.
Takliflar qanday baholanadi?
Kelib tushgan takliflarni soha ekspertlari tomonidan baholanadi va tasdiqlangan takliflar amaliyotga joriy etiladi.
Jarayonning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida tanlov natijalari va statistik maʼlumotlar real vaqt rejimida aks etuvchi platforma orqali jamoatchilikka taqdim etib boriladi.
Tashabbus natijasida quyidagilar kutilmoqda:
davlat organlari kesimida eng dolzarb byurokratik jarayonlar xaritasi shakllantiriladi;
tezkor hal etish mumkin boʻlgan masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilinadi;
normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi;
eng ustuvor takliflar “«Byurokratiyani bartaraf etish – 2030”» dasturining yillik rejalariga kiritiladi.
