TOSHKENT VILOYATIDA URUG‘LIK PAXTANING JAMG‘ARILISHI VA SAQLANISHIDA NAZORAT O‘RNATILGAN
2025-10-24 10:00:00 / Yangiliklar

Urug‘lik paxtaning dalalardan sifatli terib olinishi, ularni paxta tayyorlov maskanlarida to‘g‘ri qabul qilinishi va g‘aramlarga navi, avlodi, namligi va ifloslik ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘g‘ri jamg‘arilishi hamda korxonalarda sifatli saqlanishi, qayta ishlanish jarayonining to‘g‘ri tashkil etilishi kelgusi yil hosilining sifatli hamda mo‘l bo‘lishini ta’minlaydi.
Bu yil ham Toshkent viloyatidagi paxta-to‘qimachilik klasterlariga qarashli urug‘lik paxta qabul qilish maskanlari va xususiy urug‘chilik korxonalari hamda elita urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan 6 013 tonna urug‘lik paxta xomashyosi jamg‘arilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ushbu korxonalar tomonidan “Namangan-77”, “S-6524”, “Sulton”, “S-8290” kabi rayonlashgan navlar hamda istiqbolli navlardan iborat 4 574 tonna urug‘lik paxta qabul qilingan.
“O‘zagroinspeksiya” mutaxassislari tomonidan “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuniga hamda amaldagi normativ huquqiy-hujjatlar talablari bo‘yicha tumanlarda 2025-yil hosilidan yetishtirilgan urug‘lik paxta xomashyosini sifatli qilib terish, qabul qilish, to‘dalarga jamg‘arish va saqlanishi yuzasidan doimiy nazorat olib borilmoqda.
Aytish kerakki, viloyatda aprobatsiya ko‘rigidan o‘tgan urug‘lik paxta maydonlaridan Milliy standart talablari asosida qabul qilish ishlari olib borilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyati boshqarmasi soha mutaxassislari tomonidan paxta-to‘qimachilik klasterlari korxonalarida jamg‘arilgan urug‘lik paxta g‘aramlarida o‘tkazilgan monitoringlar davomida, tunnel kovlash, qirqish, tarash va pasport kartochkalari yozish ishlari yakuniga yetkazilganligi, urug‘lik paxta g‘aramlariga 1-kategoriyadagi yopqichlar bilan to‘liq yopilganligi hamda urug‘lik paxta g‘aramlarini bir martadan havo so‘rgich orqali ya’ni otsos qo‘yish ishlari yakuniga yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, bugungi kunda paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan “O‘zagroinspeksiya” qoshidagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” Toshkent viloyati filiali mutaxassislari tomonidan urug‘lik paxta g‘aramlaridan tahlil uchun namunalar tanlab olinmoqda.
Ushbu namunalardan urug‘liklarning mexanik shikastlanish darajasi, pishganlik darajasi, chigitning unib chiqish quvvati, urug‘ning unuvchanligi va 1000 dona urug‘ vazni kabi qator ko‘rsatkichlarini hamda sifatini o‘rganib borish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, viloyatda paxta to‘qimachilik klasterlari tomonidan jamg‘arilgan urug‘lik paxta xomashyosining sifatli saqlanishi yuzasidan ogohlantirish xatlari berilib, “O‘zagroinspeksiya” tomonidan nazorat tadbirlari davom etmoqda.

