SIRDARYO VILOYATIDA URUG‘LIK PAXTA VA DON MAHSULOTLARI SIFATLI NAZORAT ASOSIDA TAYYORLANMOQDA
2025-10-17 16:30:00 / Yangiliklar

Yetishtirilgan urug‘lik paxta kelgusi mavsumda paxta hosilining sifatini belgilaydi. Shu bois, urug‘lik paxtani terish, saqlash va tarqatish jarayonlariga alohida e’tibor qaratilishi hozirgi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.
Viloyatda 2025-yil mavsumida umumiy 73 000 gektar maydonda paxta ekilib, shundan 2 473 gektari (3,3%) urug‘lik sifatida tanlab olingan.
Ushbu urug‘lik paxta maydonlaridan 3 069 tonna paxta xom ashyosi yig‘ib olish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 1 804 tonna (58,8%) urug‘lik paxta yig‘ib-terib olingan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 6–8 foiz yuqori natija hisoblanadi.
Urug‘lik paxtani qabul qilish jarayonida har bir maskanga O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari mutaxassislari, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” viloyat filiali mutaxassislari va soha vakillari mas’ul qilib biriktirilgan.
Shu bilan birga, 2026-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekishda urug‘lik don tarqatilishida ham O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.
Xususan, bugungi kunda viloyatimizdagi mavjud urug‘lik don tayyorlovchi korxonalar ya’ni, “Oqoltindonmaxsulotlari” AJ va “Sirdaryo best seyeds” MCHJlar tomonidan 2025-yil hosilidan jamg‘arilgan 13 457 tonna urug‘lik don qayta ishlanib, ekishga tayyor holatga keltirilib, belgilangan tartibda boshoqli don yetishtiruvchi subyektlarga tarqatilmoqda.
Shuningdek, 2023 va 2024-yillar hosilidan jamg‘arilgan va qoldiq sifatida qolgan 1 636 tonna urug‘lik don mahsulotlari ham “Poly tex klaster” MCHJ hamda yuqorida qayd etilgan urug‘lik tayyorlovchi korxonalarning omborxonalarida mavjud bo‘lib, hozirgi kunda “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi”ning markaziy laboratoriyasi tomonidan tahlillardan o‘tkazilmoqda.
Hozirgi kunda urug‘lik don tayyorlovchi korxonalar tomonidan, 2025-yil hosilidan jamg‘arilgan hamda ekish ga tayyorlangan 13 457 tonna urug‘lik donning 5 943 tonna yoki 44,1 foizi kuzgi boshoqli don yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi subyektlariga tarqatildi.
Viloyatimizda 2026-yil hosili uchun 65 000 gektar maydonda kuzgi boshoqli don ekinlari ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu g‘alla maydonlaridan kelgusi yili yuqori hosil olish uchun agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bilan birgalikda sifati kafolatlangan urug‘lardan foydalanishlari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Chunki, sifati kafolatlangan urug‘lar maxsus laboratoriyalarda tekshirilib, ularning tozaligi, unib chiqish qobiliyati, namligi va zararkunandalardan holi ekanligi kafolatlanadi.
Sifati kafolatlanmagan urug‘lik donni ekish oqibatida eng avvalo hosildorlik pasayib ketishi hamda g‘alla o‘simligining vegetatsiya davrida turli xil, xususan, qora kuya, zang kabi kasalliklar bilan zararlanishi xavfi yuqori bo‘lganligi sababli oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladi.
Shu bois, har bir dehqon va fermer urug‘lik g‘alla ekishda agrotexnika qoidalariga qat’iy amal qilishi va sifati kafolatlangan urug‘dan foydalanishi zarur.
Bugungi kunda mamlakatimiz fermerlari yildan yilga yuqori miqdorda g‘alla hosilini jamg‘arib bormoqda. Bu esa nafaqat aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash, balki milliy iqtisodiyotni mustahkamlashda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
J.Egamov,
“O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyati boshqarmasi Qishloq xo‘jaligi
ekinlari urug‘larini yetishtirilishini nazorat qilish sho‘basi bosh mutaxassisi






