SIFATLI URUG‘LIK YUQORI HOSIL YETISHTIRISHDA ENG MUHIM OMILLARIDAN BIRI HISOBLANADI
2025-09-18 18:20:00 / Yangiliklar

Joriy yilda Toshkent viloyati tumanlarida xususiy urug‘chilik korxonalari, elita urug‘chilik xo‘jaliklari hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat reyestriga kiritilgan navlardan jami 24 min 635 tonna urug‘lik don qabul qilingan.
Ekish uchun ishlatiladigan bug‘doy urug‘lari davlat andozasiga javob berishi kerak. Bu andoza bo‘yicha urug‘larning unuvchanligi 95% dan past bo‘lmasligi, tozaligi 98,5-99% bo‘lishi talab etiladi. Tozalangan va saralangan urug‘lik ekishdan oldin turli xil kasalliklariga qarshi kimyoviy preparatlar bilan suvda eritilib dorilanadi.
Bu yil ham Toshkent viloyat tumanlarida 2026 yil hosili uchun 96 ming 745 gektar maydonlarga kuzgi boshoqli don ekinlarining Grom, Aleksevich, Vassa, Antonina, Bezostaya-100, Vexa, Temiryazevka-150 va Asr kabi navlarini joylashtirish taklifi bildirilgan.
2026 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekish rejalashtirilgan maydonlarning har gektariga 250 kilogrammdan jami 21 ming 459 tonna sara urug‘lik talab etiladi.
Urug‘ ekish me’yori urug‘likning sifatiga, tuproq unumdorligiga va suv bilan ta’minlanishiga qarab, har xil bo‘ladi. Lalmi yerlar unumsiz va suv bilan ta’minlanmaganligi sababli gektariga sarf qilinadigan urug‘ miqdori sug‘oriladigan yerlarga nisbatan kam bo‘ladi.
Sug‘oriladigan yerlarning unumdorligi yuqori va suv bilan ta’minlanganligi sababli, o‘simlik qalinligini oshirish hisobiga yuqori hosil olinadi. Shuning uchun sug‘oriladigan yerlarda urug‘ ekish me’yori lalmi yerlarga nisbatan ikki barobar ko‘p, ya’ni gektariga 4-5 mln.dona urug‘ ekilishi kerak bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, normativ huquqiy hujjatlar talablaridan kelib chiqqan holda yuqori sifatli boshoqli don urug‘liklarini tayyorlash bo‘yicha urug‘lik don tayyorlash korxonalari rahbarlariga ogohlantirish xatlari berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 apreldagi PQ-3683-sonli qaroriga asosan viloyatda o‘ntadan kо‘p, bitta tumanda beshtadan ko‘p bo‘lmagan boshoqli don ekinlarining rayonlashtirilgan navlarini joylashtirish bo‘yicha tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga yozma ko‘rsatmalar berilishi ta’minlandi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari
yetishtirilishini nazorat qilish shо‘ba
bosh mutaxassis E.Ziyadullayev
