QISHLOQ XO‘JALIGINI RAQAMLASHTIRISH: SHAFFOF VA SAMARALI NAZORAT YO‘LI
2025-09-09 18:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi “Qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-130-sonli farmonida belgilangan topshiriqlarning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Xususan, “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ mutaxassislari tomonidan “AgroTarozi” va “Hosil qabuli” platformalarining ishlash mexanizmi, ularga ma’lumotlar kiritish va sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari haqida tushunchalar berildi.
O‘zagroinspeksiya tomonidan davlat ro‘yxatiga olingan traktor va tirkamalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni integratsiya orqali elektron almashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, joriy yilda paxta yig‘im-terim mavsumida foydalanish uchun davlat ro‘yxatiga olinmagan egalik huquqi mavjud bo‘lmagan vaqtinchalik ro‘yxatga olingan tirkamalarning “AgroTarozi” platformasiga kiritilganligi muhokama qilinib, tizim amalda ish jarayonida namoyish etildi.
O‘zagroinspeksiya va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu sohadagi hamkorlikni yanada kuchaytirish va raqamli transformatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida keyingi qadamlar va ish rejalarini kelishib oldi.
Raqamlashtirishning joriy etilishi qishloq xo‘jaligida shaffoflikni oshirish va samaradorlikni maksimal darajaga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Bunday hamkorlik orqali sohaga yangi imkoniyatlar ochilishi, zamonaviy texnologiyalar bilan yanada boyitilishi va har bir fermerning huquqlari yanada mustahkamlanishi ta’minlanadi.
O‘zagroinspeksiya Axborot xizmati








