O‘ZAGROINSPEKSIYADA MUROJAATLAR BILAN ISHLASH SAMARADORLIGINI OSHIRISH VA MUROJAATLARGA SABAB BO‘LAYOTGAN MUAMMOLARNI ANIQLASH BO‘YICHA AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR
2026-11-09 16:30:00 / Press-relizlar

O‘zagroinspeksiyada fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularning muammolariga yechim topish hamda murojaatlarga sabab bo‘layotgan kamchiliklarni aniqlash bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning yanvar–oktabr oylarida Inspeksiyaga jami 1 455 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 814 tasi jismoniy shaxslardan, 641 tasi esa yuridik shaxslardan kelib tushgan.
Hisobot davrida Inspeksiya tomonidan 1 255 ta murojaat ko‘rib chiqilgan. Ularning 774 tasi ijobiy hal etilgan, 468 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan, 13 tasi rad etilgan.
Shuningdek, 149 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha boshqa idora va tashkilotlarga yuborilgan. Qonunning 29-moddasiga asosan 1 ta murojaat ko‘rmay qoldirilgan, 30-moddasiga asosan 26 ta murojaatni ko‘rib chiqish tugatilgan. Hozirda 24 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda.
Murojaatlarning qaysi masalalar bo‘yicha kelib tushayotganiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak:
- 595 tasi — qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish;
- 257 tasi — qishloq xo‘jaligi texnikalari holati;
- 135 tasi — agrotexnik tadbirlar;
- 131 tasi — urug‘chilik;
- 99 tasi — don va uni qayta ishlash mahsulotlaridan foydalanish;
- 70 tasi — paxta xomashyosi va uni qayta ishlash mahsulotlaridan foydalanish;
- 19 tasi — kadrlar;
- 11 tasi — moliyaviy masalalar;
- 7 tasi — ma’muriy ishlar;
- 131 tasi — boshqa masalalar bilan bog‘liq.
Ko‘rinib turibdiki, murojaatlarning eng katta qismi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish masalalariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu jami murojaatlarning qariyb 41 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalari, agrotexnik tadbirlar va urug‘chilik masalalari bo‘yicha ham murojaatlar salmoqli o‘rinni egallaydi.
Shu sababli ushbu yo‘nalishlarda kelib tushayotgan murojaatlarni alohida o‘rganish, ularning sabablarini aniqlash va bir xil masalalar bo‘yicha takroriy murojaatlar kelib tushishining oldini olishga e’tibor qaratilmoqda.
Endi murojaatlar bilan ishlashda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak.
Fuqarolar o‘z murojaatlarini Inspeksiyaning ishonch telefoni hamda Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali ham yo‘llashlari mumkin. Ushbu kanallar orqali kelib tushgan murojaatlar ham tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, javoblar berilmoqda.
Bundan tashqari, murojaatlarning ijrosi Prezident virtual qabulxonasi, Tadbirkorlar virtual ofisi, EDO ijro.uz va Uzagroin elektron dasturlari orqali nazorat qilib borilmoqda.
Har oy yakunida murojaatlar bilan ishlash natijalari umumlashtirilib, Inspeksiyaning rasmiy veb-saytidagi Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirish uchun matbuot kotibiga taqdim etilmoqda.
Kelgusidagi asosiy vazifalarimiz murojaatlarni shunchaki ko‘rib chiqish emas, balki ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash va muammolarni bartaraf etishdan iborat.
Buning uchun:
- murojaatlar ko‘p kelib tushayotgan yo‘nalishlar doimiy tahlil qilinadi;
- takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan masalalar o‘rganiladi;
- aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi;
- hududiy boshqarma va tuman bo‘limlarida murojaatlar bilan ishlash sifati kuchaytiriladi;
- fuqarolar va tadbirkorlarga qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.
Xulosa qilib aytganda, har bir murojaat ortida insonning muammosi va yechimini kutayotgan masalasi turadi.
Bizning asosiy maqsadimiz — murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, fuqarolar hamda tadbirkorlarning muammolariga amaliy yechim topish, eng muhimi, murojaatlarga sabab bo‘layotgan kamchiliklarni bartaraf etish orqali ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.
