NAVOIY VILOYATIDA 2027-YIL HOSILI UCHUN URUG‘LIK DON TAYYORLASH VA YETKAZIB BERISH JARAYONLARI NAZORATDA
2026-10-30 12:30:00 / Yangiliklar

Xususan, “Navoiydonmahsulotlari” AJ va “Navoiy best seeds” MCHJ tomonidan tayyorlangan urug‘lik donlarning tasdiqlangan taqsimot asosida qishloq xo‘jaligi korxonalariga ekish uchun yetkazib berilishi ustidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Mazkur jarayonlarda O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuni, Prezidentning 2025-yil 7-iyuldagi 109-son Farmonining 3a-bandi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 641-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 4-ilovasi talablariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, urug‘lik don tayyorlashga mas’ul korxonalar xodimlariga amaldagi qonunchilik hujjatlari talablarini to‘g‘ri qo‘llash, urug‘lik donlarni belgilangan tartibda tozalash, saralash va dorilash ishlarini sifatli tashkil etish yuzasidan Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Bundan tashqari, 2027-yil g‘alla hosildorligini oshirish va urug‘lik don sarfi me’yorlarini ko‘paytirish maqsadida qo‘shimcha urug‘lik don tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida “Navoiydonmahsulotlari” AJ da 2026-yil hosilidan qabul qilingan 2 ming tonna donni tozalash, saralash va dorilash rejalashtirilgan.
Ayni paytda mazkur reja doirasida tumanlardagi g‘alla yetishtiruvchi xo‘jaliklarning ehtiyojidan kelib chiqib, 420 tonna don belgilangan talablar asosida tozalanib, dorilandi. Tayyorlangan urug‘lik donlarning ekinboplik sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida ulardan namunalar olinib, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasiga laboratoriya tahlillaridan o‘tkazish uchun yuborildi. Hozirda laboratoriya sinovlari davom etmoqda.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar ijobiy ekinboplik xulosasiga ega bo‘lgan jami 7 ming 295 tonna urug‘lik don viloyatdagi qishloq xo‘jaligi korxonalariga ekish uchun yetkazib berilgan.
Inspeksiya tomonidan urug‘lik donlarni tayyorlash, sifat ko‘rsatkichlarini baholash va xo‘jaliklarga yetkazib berish jarayonlari ustidan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Bu esa kelgusi yil g‘alla hosili uchun sifatli urug‘lik zaxirasini shakllantirish, ekin maydonlarining urug‘lik bilan o‘z vaqtida ta’minlanishi hamda hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.


