“O‘zagroinspeksiya”da KORRUPSIYANING OLDINI OLISH VA MANFAATLAR TO‘QNASHUVIGA YO‘L QO‘YMASLIK MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2026-10-16 16:40:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida Inspeksiyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi A. Yusupov tomonidan maishiy korrupsiya, biznesdagi korrupsiya va hokimiyatdagi korrupsiya kabi turlariga tushuntirishlar berilib, ularning kelib chiqish sabablari, jamiyat va davlat boshqaruviga salbiy taʼsiri atroflicha tahlil etildi. Shuningdek, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, xizmat vazifalarini bajarishda xolislik va halollik tamoyillariga amal qilish, mansab vakolatlaridan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikning ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, “O‘zagroinspeksiya” tizimiga ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni o‘rganish jarayonida manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va ularning oldini olish masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Nomzodlarning qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganish, ularning shaxsiy manfaatlari bilan kelgusidagi xizmat vazifalari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlarni barvaqt aniqlash hamda bunday holatlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish muhimligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talab va cheklovlar, ayrim shaxslarning davlat xizmatiga qabul qilinishiga doir huquqiy asoslar, shuningdek, xizmatga qabul qilish jarayonida qonuniylik va xolislikni taʼminlash bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Tadbirda har bir xodimning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirish, xizmat faoliyatida yuksak kasbiy odob-axloq meʼyorlariga rioya etish, manfaatlar to‘qnashuvi haqida belgilangan tartibda xabar berish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olishda shaxsiy masʼuliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.
Bunday tadbirlar “O‘zagroinspeksiya” tizimida ochiqlik va shaffoflikni mustahkamlash, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda davlat fuqarolik xizmatida halollik va masʼuliyat tamoyillarini qaror toptirishga xizmat qiladi.






