URUG‘LIK KARTOSHKA MAYDONLARIDA DALA APROBATSIYA TADBIRLARI O‘TKAZILMOQDA
2026-10-16 10:40:00 / Yangiliklar

Jumladan, 2027-yil hosili uchun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida jami 400 gektar maydonda urug‘lik kartoshka ekilgan.
Mazkur maydonlar “Bo‘stonliq kartoshkachilik markazi” MCHJ tomonidan tashkil etilib, to‘rtta massivga joylashtirilgan. Xususan, Xondayliq massivida Fontane navi 210 gektar, Soyliq massivida Esmee navi 100 gektar, Do‘stlik massivida Alouette navi 60 gektar hamda G‘azalkent massivida Miranda navi
30 gektar maydonda ekilgan. Ushbu navlarning barchasi elita avlodiga mansub bo‘lib, umumiy ekin maydoni 400 gektarni tashkil etadi.
Urug‘lik kartoshka yetishtirishda nav tozaligini saqlash, sog‘lom tuganaklardan foydalanish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish, sug‘orish hamda oziqlantirish tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, yetishtirilayotgan urug‘lik materialining nav xususiyatlari va sifat ko‘rsatkichlarini baholashda dala aprobatsiyasi alohida o‘rin tutadi.
Bugungi kunda, takroriy ekin sifatida ekilgan urug‘lik kartoshka maydonlarida viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi hududiy tuman bo‘limlari, “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” viloyat boshqarmasi hamda “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi DM” mutaxassislari tomonidan aprobatsiya ishlari olib borilmoqda.
Takroriy ekin sifatida urug‘lik kartoshka yetishtirishda aprobatsiyani o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish nav tozaligini saqlash, urug‘lik maydonlaridagi muammolarni aniqlash va sifatli urug‘lik zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, turli navlar alohida massivlarda yetishtirilayotgan sharoitda navlar aralashib ketishining oldini olish, dala hujjatlarini to‘g‘ri yuritish va hosilni navlar bo‘yicha alohida yig‘ib olish muhimdir.
