XALQARO KONFERENSIYADA DON VA DON MAHSULOTLARI SIFATINI BAHOLASH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2026-09-30 15:55:00 / Yangiliklar

Xalqaro konferensiyada O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning tegirmonchilik, donni qayta ishlash, laboratoriya, ilmiy-tadqiqot hamda oliy ta’lim sohasi vakillari, shuningdek, yirik tashkilot va kompaniyalar mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbirda O‘zagroinspeksiya boshqarma boshlig‘i Sherzod Pazilov, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi direktorining o‘rinbosari Dilshod Nizamov hamda Markaz mutaxassislari qatnashdi.
Konferensiya davomida don va don mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash, mahsulotlar sifatini baholash, xalqaro standartlarni joriy etish, sertifikatlashtirish hamda sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiya doirasida “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi laboratoriya boshlig‘i Abbosxon Usmonov “Don va don mahsulotlari sifatini baholash hamda sertifikatlashtirishda xalqaro standartlar va hamkorlik istiqbollari” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzada don va don mahsulotlari sifatini zamonaviy laboratoriya usullari asosida baholash, xalqaro standartlar talablarini amaliyotga joriy etish, sertifikatlashtirish jarayonlarini takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbir soha mutaxassislari o‘rtasida xalqaro tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish va don mahsulotlari sifatini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.






