AGROINSPEKSIYA TOMONIDAN PAXTA TERISH MASHINALARINING BETO‘XTOV ISHLASHI TAʼMINLANMOQDA
2026-09-30 14:30:00 / Yangiliklar

Agroinspeksiya tomonidan respublikada mavjud 2 700 dona paxta terish mashinasining texnik holati to‘liq o‘rganilib, ularga mavsumoldi texnik xizmat ko‘rsatish ishlarining sifatli va belgilangan talablar asosida bajarilishi nazoratga olindi.
Xususan, paxta terish mashinalarini yetkazib bergan BOSHIRAN, SWAN, FM FORLD, CASE va JOHN DEERE kompaniyalarining hududlardagi servis korxonalari mutaxassislari tomonidan texnik xizmat ko‘rsatish ishlari amalga oshirildi.
Paxta yig‘im-terim mavsumi davomida mashinalarning beto‘xtov ishlashini taʼminlash maqsadida mazkur kompaniyalarning hududlarda 84 ta servis korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, tezkor texnik xizmat ko‘rsatish uchun 387 ta mobil servis guruhi shakllantirilgan.
Mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida paxta terish mashinalari uchun zarur moylash materiallari va ehtiyot qismlar zaxirasi ham yaratilgan.
Agroinspeksiya tomonidan har bir paxta terish mashinasi mexanizatori bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, mashinada texnik nosozlik yuzaga kelgan taqdirda, servis xizmati ko‘rsatilishidan tortib, uni qayta ishga tushirishga qadar bo‘lgan jarayon to‘liq nazorat qilib borilmoqda.
Shu bilan birga, paxta terish mashinalaridan samarali va unumli foydalanish maqsadida har bir mashinaga 2–3 nafar malakali traktorchi-mashinist biriktirilgan. Ular har 8 soatda almashib, mashinalarning bir sutkada o‘rtacha 20–22 soat davomida beto‘xtov ishlashini taʼminlamoqda.
Ko‘rilayotgan choralar natijasida BOSHIRAN, SWAN, FM FORLD va CASE rusumli paxta terish mashinalari yordamida o‘rtacha 70–80 tonna, JOHN DEERE rusumli paxta terish mashinalari yordamida esa o‘rtacha 110–120 tonnagacha paxta sifatli terib olinmoqda.
Paxta yig‘im-terim mavsumi davomida paxta terish mashinalarining texnik sozligi, ulardan samarali foydalanish va mavjud texnik nosozliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish ishlari ustidan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
