SIRDARYODA NAZORAT TADBIRLARINING YANGI TARTIBI BO‘YICHA O‘QUV-SEMINAR O‘TKAZILDI
2026-09-29 17:15:00 / Yangiliklar

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil — Biznes-ombudsman devonining Sirdaryo viloyati sho‘basi katta inspektori N. Qurbonov ishtirok etdi.
Seminar davomida tadbirkorlik subyektlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda belgilangan yangi tartiblar, shaffoflik va qonuniylik talablari, shuningdek, nazorat tadbirlarini elektron shaklda qayd etish mexanizmlari atroflicha tushuntirildi.Xususan, «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi, elektron nazorat mexanizmlari hamda QR-kod orqali muloqotni qayd etish tartibi bo‘yicha maʼlumotlar berildi. PF-63-sonli Farmonda davlat xizmatchisi va tadbirkorlik subyekti o‘rtasida nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlarni ham axborot tizimida hisobga olish va monitoring qilish mexanizmi belgilangan.
Shuningdek, «Tekshiruvlar kitobi»dan foydalanish amaliyotining bekor qilinishi, tadbirkor bilan o‘tkaziladigan muloqotlarni belgilangan tartibda elektron tizimda aks ettirish, nazorat tadbirlarini qonunchilikda belgilangan asos va tartiblarga qatʼiy rioya qilgan holda o‘tkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘quv-seminarda PF-175-sonli Farmon bilan kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy etilgani ham tushuntirildi. Bunda qonunchilikda belgilangan ayrim istisnolar, jumladan, jinoyat ishi doirasidagi, inson sog‘lig‘iga taʼsirini o‘rganish, fuqarolar murojaatlari bilan bog‘liq va boshqa belgilangan holatlardagi tekshiruvlarga nisbatan mazkur moratoriy tatbiq etilmasligi qayd etildi.
Seminar yakunida Agroinspeksiyaning Sirdaryo viloyati boshqarmasida tekshiruv o‘tkazish vakolatiga ega bo‘lgan xodimlarga nazorat tadbirlarini faqat amaldagi qonunchilik va yangi belgilangan tartib-taomillar asosida tashkil etish zarurligi yana bir bor taʼkidlandi.Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashish, belgilangan tartibni buzgan holda nazorat tadbirlarini o‘tkazish hamda qonunchilik talablariga rioya qilmaslikga yo‘l qo‘ygan masʼul xodimlar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi haqida rasmiy ogohlantirildi.Mazkur o‘quv-seminar Agroinspeksiya xodimlarining nazorat tadbirlarini amalga oshirishda huquqiy bilim va masʼuliyatini yana-da oshirish, tadbirkorlik subyektlari huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda nazorat jarayonlarida shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Agroinspeksiyaning Sirdaryo viloyati boshqarmasiBosh mutaxassis J. Bekmurodov


