NAVOIYDA QISHLOQ XO‘JALIGI YERLARIDAN FOYDALANISHDA QONUNBUZILISH HOLATI ANIQLANDI
2026-09-15 10:40:00 / Yangiliklar

Hisobot davrida jami 13 ta nazorat tadbiri, shundan 9 ta monitoring va 4 ta tekshirish o‘tkazildi.
Nazorat tadbirlari davomida 14 ta subyektda yer qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanib, ular yuzasidan 4 ta ogohlantirish xati, 1 ta ma’muriy bayonnoma, 4 ta yozma ko‘rsatma hamda 5 ta taqdimnoma rasmiylashtirildi.
Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan foydalanilgan yer maydonlarini aniqlash va qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish maqsadida 4 ta yer qonunbuzilishi holati aniqlandi. Mazkur holatlar natijasida jami 0,09 gektar yer maydoni, jumladan 0,003 gektar sug‘oriladigan yer hamda 0,087 gektar yaylov va pichanzorlar aniqlangan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar oqibatida jami 9 million 309 ming so‘m miqdorida zarar hisoblandi.
Jumladan, Karmana tumani hokimligi zaxirasidagi, “Shibzon” MFY hududida joylashgan qishloq xo‘jaligi xaritasining 5267q-konturidagi tutzor yer maydonidan foydalanishda qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Xususan, fuqaro D.N. tomonidan sug‘oriladigan tutzor yer maydonini devor bilan o‘rash maqsadida balandligi 60 sm, eni 40 sm va uzunligi 60 metr bo‘lgan poydevor qurilgani oqibqtida tutzor yer maydonining qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilishiga sabab bo‘lgan.
⚖️ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 15-maydagi 246-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning o‘zboshimchalik bilan muomaladan chiqarilishi natijasida yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qonunbuzilishi natijasida davlat manfaatlariga 5 million 584 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish maqsadida hujjatlar vakolatli tashkilotlarga yuborilishi belgilandi.
O‘zagroinspeksiya tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan qonuniy, oqilona va maqsadli foydalanishni ta’minlash, yer resurslarini asrash hamda qishloq xo‘jaligi yerlarining asossiz ravishda muomaladan chiqarilishining oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Sh. Navruzov,
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish sho‘basi bosh mutaxassisi

