SIFATLI APROBATSIYA KO‘RIGI — KELGUSI YIL HOSILI UCHUN MUSTAHKAM ZAMIN
2026-09-08 15:20:00 / Yangiliklar

Aprobatsiya jarayonlarida maxsus planshetlardan foydalanilib, olingan namunalarning to‘g‘ri va shaffof tahlil qilinishi, tegishli dalolatnomalarning onlayn tarzda raqamlashtirilgan holda rasmiylashtirilishi nazoratga olindi.
Viloyatda aprobatsiya ko‘rigini o‘rganishlar yakuniga ko‘ra, jami 4 165 gektar urug‘lik g‘o‘za maydonining 2 990 gektari yaroqli, 1 175 gektari esa navdorlik talablariga javob bermaganligi sababli yaroqsiz deb topildi.
Shuningdek, aprobatsiya jarayonida har bir maydon bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlar, navlarning birlamchi hujjatlari, dala fotosuratlari hamda geolokatsiya ma’lumotlari “E-urug‘” axborot tizimiga kiritib borildi. Bu esa jarayonlarning shaffofligi, tezkorligi va nazorat qilinishini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Kelgusi 2027-yil hosili uchun davlat standarti talablariga javob beradigan sifatli urug‘lik chigit yetishtirish muhim vazifalardan biridir.
Shu maqsadda urug‘lik chigit tayyorlash va saqlash jarayonlarida navlar hamda reproduksiyalarning aralashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, urug‘lik paxtani qabul qilishning belgilangan rejimlariga qat’iy rioya etish yuzasidan tegishli korxonalarga rasmiy ogohlantirishlar berildi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan kelgusida ham tizimli ravishda nazorat qilib boriladi.
Zero, sifatli urug‘lik — mo‘l hosil, yuqori hosildorlik va qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishning muhim garovidir.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand
viloyat boshqarmasi bosh mutaxassis X.Nurbekov

