DEFOLIATSIYA TADBIRLARINI O‘Z VAQTIDA VA SIFATLI O‘TKAZILISHI YUZASIDAN NAZORAT TADBIRLARI O‘TKAZILMOQDA
2026-08-21 12:10:00 / Yangiliklar

Respublikada parvarish qilinayotgan g‘o‘za maydonlarining bugungi kunda 25,9 ming gektari (3%) 6-7 ko‘sak, 562,1 ming gektari (63%) 8-10 ko‘sak va 301,5 ming gektari (34%) 11-14 ko‘sak fazasida rivojlanmoqda.
Mavsum davomida g‘o‘za qator oralariga o‘rtacha 6,3 marta ishlov berildi. Shuningdek, hozirda g‘o‘zani bargidan oziqlantirish ishlari 5,1 marta, azotli mineral o‘g‘itlar bilan uchinchi oziqlantirish va chilpish ishlari to‘liq maydonlarda yakunlangan bo‘lib, g‘o‘zaning uchinchi sug‘orish ishlari 93 foiz maydonda amalga oshirilgan.
Paxtachilikda muhim va yakuniy agrotexnik tadbirlardan biri bo‘lgan defoliatsiya ishlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish hosilni yig‘ib-terib olishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois defoliatsiya tadbirlarini o‘tkazish uchun zarur defoliantlar zaxirasini yaratish asosiy masala hisoblanib, bu bo‘yicha joylarda nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida bugungi kunda hududlarda g‘o‘za maydonlariga birinchi bosqichda «Etefon» tarkibli preparatlar bilan 668 ming gektar (75%) maydonlarda kimyoviy ishlovlar o‘tkazilganligi aniqlandi.
Shuningdek, hozirda «Etefon» tarkibli preparatlar bilan ishlov berilganiga o‘n kundan oshgan 402,7 ming gektar maydonlar mavjud bo‘lib, ushbu maydonlarning 41,3 ming gektarida (5%) yumshoq taʼsir etuvchi defoliantlar bilan kimyoviy ishlov berilganligi maʼlum bo‘ldi.
G‘o‘za defoliatsiyasi bo‘yicha bugungi kungacha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish shuningdek, paxta hosilini sifatli va o‘z vaqtida yig‘ib-terib olish uchun zarur bo‘lgan defoliantlar zaxirasini qisqa muddatlarda yaratilishi yuzasidan hududiy boshqarmalar va tuman bo‘limlari tomonidan bugungi kungacha mahalliy hokimliklar hamda soha masʼullariga 13 ta taqdimnoma, 229 ta yozma ko‘rsatmalar kiritilib, klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklariga 20 757 ta ogohlantirish berildi.
Eng muhimi, defoliatsiya tadbirlarini sifatli o‘tkazish uchun talab etiladigan kimyoviy preparatlar zaxirasini yaratish va defoliatsiya qilish jarayonida belgilangan agrotexnik talablarga qatʼiy rioya etish talab etiladi.
Hududlarda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi.
