AMUDARYO TUMANIDA PAXTA YIG‘IM-TERIMIGA TAYYORGARLIK YAKUNIY BOSQICHDA
2026-08-21 11:05:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida ham joriy yilgi paxta hosilini nest-nobud qilmasdan, uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olish maqsadida qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Jarayonlarning har bir bosqichi Agroinspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan qatʼiy nazoratga olingan bo‘lib, asosiy eʼtibor texnikalarning shayligi va paxta qabul qilish maskanlarining tayyorgarligiga qaratilmoqda.
Xususan, tumandagi 337 ta fermer xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi korxonalari ixtiyorida bo‘lgan jami 748 ta traktor tirkamasi tumandagi 5 ta paxta qabul qilish maskaniga yig‘ildi. Ushbu texnikalar yordamida terilgan paxta xomashyosini maskanlarga betalofat yetkazish maqsadida tirkamalar ustiga yopiladigan brezentlarning sifati va ularning yong‘inga qarshi uskunalar bilan jihozlanganlik darajasi to‘liq o‘rganib chiqildi va aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Sohani mexanizatsiyalash darajasini oshirish maqsadida 2024-2025 yillarda jami 12 ta zamonaviy paxta terish mashinasi keltirilgan bo‘lib, joriy yilda ham qo‘shimcha 12 ta shunday texnikalar olib kelindi. Bugungi kunda barcha paxta terish mashinalari mavsumga to‘liq shay holatga keltirilgan. Bundan tashqari, kelgusi 2027 yil hosili uchun g‘alla ekishga mo‘ljallangan 14 ta zamonaviy don ekish seyalkasiga ham zarur servis xizmatlari ko‘rsatilib, taxt qilib qo‘yildi.
Joriy yilda tuman bo‘yicha 4 ta subyekt – 1 ta klaster, 2 ta kooperatsiya va 1 ta urug‘lik yetishtiruvchi xo‘jaliklarga qarashli 8 ta qabul maskanlariga 64 ming 175 tonna paxta xom ashyosi qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Ushbu subyektlarga paxta xom-ashyosining sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash qurilmalarini davlat ko‘rigidan o‘tganligini, tarozixonalar, laboratoriyalar, yopiq va ochiq g‘aram maydonlari, shuningdek, yuklash-tushirish mexanizatsiya vositalarini taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilib joylashtirish va saqlash jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatilgan.
Maskanlarda qabul maydonlari, saqlash joylari, tarozilar, laboratoriya va texnologik uskunalar, elektr taʼminoti hamda yong‘in xavfsizligi vositalarining holati chuqur o‘rganilmoqda. Jumladan, “Amudaryo Kelajagi” ishlab chiqarish kooperatsiyasi 2026 yilgi mavsumda 1 275 tonna paxta qabul qilishni reja qilgan bo‘lib, hozirda maskan hududini obodonlashtirish, texnika va jihozlarni ishchi holatga keltirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
«O‘zagroinspeksiya»ning
Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi


