TAKRORIY MAYDONLARGA EKILADIGAN KARTOSHKA URUG‘LIKLARI SIFATI «O‘ZAGROINSPEKSIYA» TOMONIDAN QATʼIY NAZORATGA OLINGAN
2026-07-27 17:05:00 / Yangiliklar

Joriy yilda respublika bo‘yicha g‘alladan bo‘shagan 68 088 gektar maydonga takroriy ekin sifatida kartoshka ekish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun jami 204 264 tonna urug‘lik talab etilishi hisob-kitob qilingan.
2026 yil 27 iyul holatiga ko‘ra, respublika hududlarida 25 905 gektar maydonda kartoshka ekish ishlari yakunlandi.
Sifatli urug‘lik ekilishini taʼminlash maqsadida «O‘zagroinspeksiya» tomonidan raqamli QR-kodli yorliqlangan va ijobiy ekinboplik xulosasiga ega bo‘lgan urug‘liklarni ekish bo‘yicha 10 312 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalariga, shuningdek, 67 ta taʼminotchi korxonaga ogohlantiruv xatlari berildi va tegishli masʼullarga 194 ta yozma ko‘rsatma hamda 38 ta taqdimnoma kiritilishi taʼminlandi.
Joriy yil 27 iyul holatiga ko‘ra, Inspeksiya qoshidagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” DM ga 14 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan 6 687 tonna urug‘lik kartoshkaga raqamli QR-kodli yorliqlar va ijobiy ekinboplik xulosalarini olish uchun arizalar kelib tushgan.
Mutaxassislar tomonidan urug‘liklardan belgilangan tartibda namunalar olinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazilishi natijasida 6 400 tonna urug‘lik kartoshkaga ijobiy ekinboplik xulosalari berildi, 287 tonna urug‘lik ekish uchun yaroqsiz deb topildi va tegishli tahlil natijalari eʼlon qilindi.
«O‘zagroinspeksiya» tomonidan takroriy maydonlarda sifati kafolatlangan va serhosil urug‘liklarning yetkazib berilishi hamda ekilishi bo‘yicha nazorat tadbirlari mavsum yakuniga qadar izchil davom ettiriladi.
Z. Ismatov, Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi
