QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI: QISHLOQ XO‘JALIGI TEXNIKALARIGA SUBSIDIYALAR AJRATILMOQDA
2026-07-24 11:10:00 / Yangiliklar

Respublikamizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalari va lazerli yer tekislagichlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash yuzasidan «O‘zagroinspeksiya»ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan qarorda belgilangan hujjatlarni “Texnikalar hisobi” axborot tizimi orqali Agroportalga elektron yuborish ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlari tomonidan jami 51 ta hujjatlar Agrar sohada to‘lovlar agentligiga yuborilgan bo‘lib, Agentlik tomonidan 14 ta holat bo‘yicha subsidiya ajratilgan va 37 tasi ko‘rib chiqish jarayonida.
Mazkur ishlar agrar sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda subsidiya ajratish jarayonlarini samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Maʼlumot uchun:
Yangi qishloq xo‘jaligi texnikasi — mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya ishlarini bajaradigan barcha turdagi traktorlar, kombaynlar, tirkamalar, va agregatlar (shu jumladan, lazerli yer tekislagich agregatlar), shuningdek, xorijdan tayyor holda olib kelinadigan, aniq donalab ekuvchi ko‘p funksiyali chigit ekish seyalkalari (qo‘sh qator), zamonaviy sholi urug‘ini ekish seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari, lazerli yer tekislagich agregatlar, g‘alla o‘rish kombaynlari, paxta terish mashinalari hamda normativ-huquqiy hujjatlarda subsidiya ajratilishi nazarda tutilgan texnikalar va agregatlardir.
Subsidiya — qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatni sotib olib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun ajratiladigan mablag‘ hisoblanadi.


