“ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZI”GA SAYOHAT TASHKIL ETILDI
2026-07-21 15:00:00 / Yangiliklar

Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonda islom tarixiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boruvchi markaz hisoblanib, 2026 yil 17 mart kuni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Ramazon hayiti arafasida rasman ochildi. Islom sivilizatsiyasi markazi binosi uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi.
2026 yil 13 aprelda “Eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” nominatsiyasi bo‘yicha Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Markazning eng muhim qismida Qurʼoni karim zali o‘rin olgan bo‘lib, bu yerda musulmon olamining bebaho maʼnaviy durdonasi hisoblangan VII asrda qo‘lda ko‘chirilgan Usmon musʼhafi joylashtirilgan. Mazkur musʼhaf joylashtirilgan zaldagi gumbazning balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyodni tashkil etadi.
U O‘zbekistonning Islomdan avvalgi va islom davri madaniy merosini zamonaviy raqamli texnologiyalar hamda ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘unlashtiradi. Markazda jamlangan noyob eksponatlar islom sivilizatsiyasi O‘zbekiston hududida asrlar davomida ilm-fan, taʼlim, tarbiya, madaniyat va maʼrifat orqali rivojlanib kelayotganini yaqqol namoyon etadi. Tashrif buyuruvchilarni nafaqat bebaho artefaktlar, balki interaktiv o‘quv laboratoriyalari, virtual ko‘rgazmalar, “Vaqt kapsulalari”, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devorlari” hamda dunyo bo‘ylab barcha uchun ochiq bo‘lgan ko‘p tilli raqamli manbalar kutadi.
O‘zbekistonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat arxitektura jihatdan noyob inshoot, balki ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida ham yuksak eʼtiborga sazovordir.
«O‘zagroinspeksiya» Axborot xizmat









