O‘ZAGROINSPEKSIYADA HALOLLIK VA SHAFFOFLIKNI TAʼMINLASH BO‘YICHA TIZIMLI ISHLAR OLIB BORILMOQDA
2026-06-17 13:55:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda boshqarma faoliyatida inson omilini kamaytirish, qarorlar qabul qilishda xolislikni taʼminlash va nazorat tadbirlarining samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda dala nazoratlari, monitoring tadbirlari, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash jarayonlari bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkazilgan. Mazkur yondashuv xizmat faoliyatining ochiqligini taʼminlash bilan birga, subyektiv qarorlar qabul qilinishi ehtimolini sezilarli darajada kamaytirmoqda.
Boshqarma tizimida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va xizmat intizomini mustahkamlash maqsadida muntazam profilaktik tadbirlar tashkil etilgan. Xodimlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat etikasi va kasbiy odob-axloq qoidalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminarlar o‘tkazilgan. Yangi ishga qabul qilingan xodimlar uchun maxsus yo‘riqnoma va tushuntirish dasturlari joriy etilgan bo‘lib, ular orqali halollik tamoyillari va amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan zarur bilim va ko‘nikmalar shakllantirilgan. Shuningdek, ichki nazorat mexanizmlari asosida xodimlar faoliyati muntazam tahlil qilinib, ehtimoliy xavf va kamchiliklarning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.
Fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish boshqarma faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Kelib tushayotgan murojaatlar belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib chiqilgan hamda ularning natijalari tegishli tartibda rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni rivojlantirish, murojaatlar yuzasidan tushuntirish va maslahatlar berish amaliyoti yana-da kuchaytirilgan. Bu esa fuqarolarning davlat organlari faoliyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Boshqarma binosida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha axborot stendlari, ogohlantiruvchi bannerlar va targ‘ibot materiallari joylashtirilgan. Mazkur vositalar xodimlar hamda tashrif buyuruvchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida xabardorligini kuchaytirishga xizmat qilgan.
Muhimi, mazkur yo‘nalishdagi ishlar faqat targ‘ibot va tushuntirish tadbirlari bilan cheklanmagan. Amaliy nazorat, ichki monitoring va raqamli boshqaruv mexanizmlari orqali real natijalarga erishishga alohida eʼtibor qaratilgan. Olib borilgan chora-tadbirlar qishloq xo‘jaligi sohasida shaffoflikni yana-da kuchaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlash hamda korrupsion xavflarni kamaytirishga xizmat qilgan. Bu esa, o‘z navbatida, Samarqand viloyatida agrosanoat majmuasi ustidan davlat nazorati tizimining samaradorligini oshirish va sohaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash imkonini bergan.
D. Achilov, O‘zagroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i.
