DON QABULIDA SIFAT NAZORATI MUHIM MEZON
2026-06-08 13:10:00 / Yangiliklar

Joriy yilda hududda jami 277,1 ming tonna g‘alla jamg‘arish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 139,1 ming tonnasi davlat resursi, 120,3 ming tonnasi vaqtincha saqlash, hamda 17,7 ming tonnasi urug‘lik uchun mo‘ljallangan.
Bugungi kunda mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida viloyatda 4 ta don korxonasi, 2 ta g‘allachilik klasteri, 2 ta urug‘chilik korxonasi hamda ularga qarashli jami 20 ta don qabul qilish maskani g‘alla qabul qilmoqda.
«O‘zagroinspeksiya»ning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan g‘alla mavsumini tartibli va sifatli o‘tkazish maqsadida don qabul qilish maskanlariga biriktirilgan xodimlarga zarur tushuntirish ishlari olib borildi.
Xususan, Paxta xom ashyosi, don va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi mutaxassislari tomonidan bir qator muhim vazifalar yuzasidan amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Jumladan, don qabul qilish jarayonlarini nazorat qilish, boshoqli don tayyorlash bo‘yicha maʼlumotlarni umumlashtirish va rahbariyatga taqdim etish, don sifati bo‘yicha yuzaga keladigan nizoli holatlarni tezkor bartaraf etish hamda zarur hollarda arbitraj guruhlari bilan hamkorlikda masalalarni hal etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shuningdek, topshirilayotgan donning miqdori, sifati va sinfi bo‘yicha tahlillar olib borish, don sinfini to‘g‘ri aniqlash hamda tabiiy kamayish miqdorini kamaytirish choralarini ko‘rish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Mutaxassislarga don namunalarini to‘g‘ri olish, o‘rtacha va sutkalik namunalarni shakllantirish, laboratoriya tahlillarini belgilangan tartibda o‘tkazish, hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish hamda namunalarni sifatli saqlash bo‘yicha ham amaliy tushuntirishlar berildi.
Alohida Taʼkidlanganidek, bug‘doy donini qabul qilishda davlat standarti talablariga qatʼiy rioya qilgan holda namlik, ifloslik, donli aralashmalar, natura, kleykovina miqdori va sifati, rang, hid, taʼm, yaltiroqlik (steklovidnost) hamda zararkunandalar bilan zararlanganlik kabi sifat ko‘rsatkichlari asosida donning sinfi aniqlanadi.
Tushuntirishlar davomida don qabul qilish maskanlariga biriktirilgan mutaxassislariga bazis va cheklangan meʼyorlar, ustama va chegirmalarni qo‘llash tartibi laboratoriya sharoitida amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.
Maqsad - g‘alla qabul qilish mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish, hosil sifati va miqdorini ishonchli nazorat qilish hamda fermer va qabul qiluvchi korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
N.To‘xtamishov
Paxta xom-ashyosi, don va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i




