RESPUBLIKADA BIRINCHI BO‘LIB SURXONDARYO VA XORAZM VILOYATLARIDA URUG‘LIK G‘ALLA MAYDONLARIDA DALA APROBATSIYA KO‘RIKLARI YAKUNLANDI
2026-06-04 16:00:00 / Yangiliklar

Tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabridagi 641-son qarori 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini aprobatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq ko‘rikni to‘g‘ri o‘tkazilishi «O‘zagroinspeksiya» xodimlari nazorat qilib borildi.
Muhim jihati, bu yil «O‘zagroinspeksiya» tashabbusi bilan aprobatsiya jarayonlari shaffoflikni taʼminlash maqsadida raqamlashtirilgan holda o‘tkazildi. Bunda, axborot tizimlari yordamida olingan namunalarni tahlil qilish va natijasi bo‘yicha dalolatnomalarni rasmiylashtirish planshetlardan foydalangan holda elektron tarzda amalga oshirildi.
Mavsum davomida Surxondaryoda 12 ta, Xorazmda 10 ta tumanlarda tuzilgan aprobatsiya komissiyalari tomonidan aprobatsiya ko‘riklari o‘tkazildi.
Surxondaryo viloyatida 178 nafar urug‘chilik subyektining 6 ming 817 gektar va Xorazm viloyatida 67 nafar urug‘chilik subyektining 2 ming 119 gektar urug‘lik g‘alla maydonlari to‘liq dala aprobatsiya ko‘rigidan o‘tkazildi.
Natijalarga ko‘ra, 577 gektar maydonlar navdorlik talablariga javob bermaganligi aniqlanib urug‘lik olish uchun yaroqsiz deb topildi. Shuningdek, 8359 gektar maydonlar urug‘lik uchun yaroqli deb topilib, dalolatnomalar rasmiylashtirildi.
Bugungi kunda aprobatsiya jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan holda amalga oshirilmoqda. Xususan, dala ko‘riklari davomida har bir maydon bo‘yicha aprobatsiya maʼlumotlari, ekilgan navlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar, dala fotosuratlari hamda geolokatsiya maʼlumotlari «E-urug» elektron tizimiga joylashtirilmoqda.
Natijada urug‘lik maydonlari holati bo‘yicha yagona elektron maʼlumotlar bazasi shakllantirilmoqda. Bu esa urug‘chilik sohasida maʼlumotlarning ishonchliligi, ochiqligi va tezkor monitoringini taʼminlamoqda.
O‘zagroinspeksiya tomonidan urug‘chilik sohasida sifat nazoratini kuchaytirish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda sifatli urug‘lik yetishtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.





