PAXTA QABUL QILISH MASKANLARI: SIFAT VA SHAFFOFLIKKA QARATILGAN NAZORAT
2026-05-07 11:55:00 / Yangiliklar

Mazkur Farmon ijrosini taʼminlash doirasida “O‘zagroinspeksiya” tomonidan paxta xom ashyosini saqlash va qabul qilish maskanlarining belgilangan talablarga muvofiqligi tizimli ravishda o‘rganilmoqda. Ayniqsa, spot shartnomalarini rasmiylashtirishni rejalashtirayotgan xo‘jalik subyektlarining moddiy-texnik bazasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 1-may holatiga ko‘ra, inspeksiyaga murojaat qilgan 82 ta kooperatsiyadan 81 tasini paxta qabul qilish va saqlash omborlari belgilangan talablarga javob berishi aniqlanib, ularga ijobiy xulosalar taqdim etildi.
O‘rganishlar jarayonida bir qator muhim jihatlar inobatga olindi. Xususan, elektron tarozilarning metrologik qiyoslovdan o‘tganligi, sinov laboratoriyalarining standart talablarga javob berishi, ochiq va yopiq g‘aram maydonlarining tayyor holatda ekanligi tekshirildi. Shuningdek, yuklash va tushirish ishlari uchun kichik mexanizatsiya vositalarining sozligi, yong‘in xavfsizligi vositalari hamda yoritish tizimlarining talab darajasida tashkil etilgani ham alohida eʼtiborga olingan.
Berilgan barcha ijobiy xulosalar “Agroportal” axborot tizimiga kiritilib, bu orqali jarayonlarning shaffofligi va ochiqligi taʼminlanmoqda. Bu esa fermerlar va kooperatsiyalar uchun qulaylik yaratish bilan birga, sohada raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p kooperatsiya rasmiylashtirilgan xulosalar ( 20ta ) bo‘yicha Farg‘ona viloyati yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Andijon, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Xorazm viloyatlarini qayd etish mumkin.
Ushbu ishlar paxta yetishtirish va uni qabul qilish jarayonlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, mahsulot sifatini oshirish hamda bozor mexanizmlarini samarali joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bu kabi tizimli nazorat tadbirlari orqali sohada intizom va masʼuliyat yana-da mustahkamlanmoqda
Paxta xom-ashyosi, don va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi






