QISHLOQ XO‘JALIGIGA MO‘LJALLANGAN YERLARGA OID QONUNBUZILISHLAR OQIBATIDA 50 MLRD SO‘MDAN KO‘PROQ ZARAR HISOBLANGAN
2026-04-15 15:40:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 1-choragi davomida Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi xodimlari tomonidan jami 2 155 ta holatda nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 1 ming 435 ta monitoring va 720 tasini tekshirishlar tashkil etadi.
Nazorat tadbirlari davomida 1 ming 956 ta yer qonun buzilish holatlari aniqlanib, 386 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, 537 ta yozma ko‘rsatma va 299 ta taqdimnomalar kiritildi.
Eng ko‘p uchraydigan qonunbuzilishlar tahlil qilinganida Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy qurilish qurish 1 ming 231 ta holatda qayd etilgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari jami 99,52 gektarni qamrab olgan bo‘lib, shundan sug‘oriladigan yerlarda 69,72 gektar, lalmi yerlarda 3,2 gektar, sug‘oriladigan bo‘z 1,73 gektar va 24,79 gektar yaylov yerlarda jami 1 385 ta ni tashkil etmoqda. Buning natijasida 49 mlrd 624 mln 896 ming so‘m miqdorida zarar hisoblangan.
Mazkur holatlarga tegishli tartibda chora ko‘rish maqsadida to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kiritilgan
"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati
