QONUNBUZARLIK NATIJASIDA UCH YUZ ELLIK TO‘RT MILLION SO‘MLIK ZARAR HISOBLANDI
2026-04-06 16:10:00 / Yangiliklar

«O‘zagroinspeksiya»ning Samarqand viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlarida Urgut tumanida faoliyat yuritayotgan “Jamshidbek Hosildor Bog‘lari” fermer xo‘jaligi tomonidan yer qonunchiligi talablari buzilganligi aniqlandi.
Xususan, Fermer xo‘jaligiga tegishli 829-konturdagi, sug‘oriladigan 47,4 ball bonitetga ega 0,77 gektar yer maydonidan maqsadsiz foydalanilib, "Yer to‘g‘risida"gi qonunchilikka zid ravishda tegishli ruxsat olmasdan o‘zboshimchalik bilan 4800 (to‘rt ming sakkiz yuz) kvadrat metr qismida:
-davolash maskani,
-quruq mevalarni qayta ishlash va qadoqlash sexi,
hamda boshqa turdagi qurilish obyektlari barpo etilgan.
Mazkur qonunbuzarlik holati bo‘yicha sohaga oid hujjatlar va hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilishi yuzasidan 354 702 000 (uch yuz ellik to‘rt million yetti yuz ikki ming) so‘m miqdorda yetkazilgan zarar hisoblangan.
Inspeksiya tomonidan zarar summasini undirish maqsadida Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Eslatma: Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanish, o‘zboshimchalik bilan qurilish qurish qonunchilikka zid bo‘lib, bunday holatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.
A. Xolbekov, - Boshqarmaning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i


