QISHLOQ XO‘JALIGI YERLARIDAN OQILONA FOYDALANISH – DAVLAT SIYOSATINING MUHIM YO‘NALISHI
2026-03-26 16:10:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda joylarda nazorat tadbirlari izchil olib borilmoqda. Xususan, O‘zagroinspeksiyaning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar davomida Xiva shahrining bir qator hududlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Jumladan, Xiva shahrining “Gulshan-2” mahallasida joylashgan “Xiva” massivida “Maftunaxon” fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydonida olib borilgan o‘rganishlar davomida umumiy maydoni 195 kvadrat metr bo‘lgan noqonuniy bino va bostirma qurilgani aniqlandi. Mazkur holat natijasida qishloq xo‘jaligi yerlarining muomaladan chiqishiga sabab bo‘lib, 12 million 669 ming so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Shuningdek, “Qibla Tozabog‘” mahallasi hududida faoliyat yurituvchi “Khiva Garden Fruit” MCHJga tegishli yer maydonida ham o‘zboshimchalik bilan 157 kvadrat metr maydonda qurilish ishlari amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu qonunbuzarlik natijasida yetkazilgan zarar miqdori 13 million 770 ming so‘mdan ziyodni tashkil etadi.
Bundan tashqari, “Lolazor” mahallasida joylashgan “Xiva Talanti” fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonida ham noqonuniy ravishda 56 kvadrat metr hajmdagi qurilish ishlari bajarilgani aniqlanib, ushbu holat bo‘yicha 4 million 664 ming so‘m miqdorida zarar hisoblandi.
Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun Xiva shahar prokuraturasiga taqdim etildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligi yerlaridan noqonuniy foydalanish holatlari tuproq unumdorligining pasayishiga, ekin maydonlarining qisqarishiga hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yuzaga kelishiga olib keladi.
Shu bois, yer egalari va foydalanuvchilaridan qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, yerga mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi.
N.Karimov ,
“O‘zagroinspeksiya”ning Xorazm viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish sho’‘basi boshlig‘i




