QASHQADARYODA “SHINJON” TEXNOLOGIYASI ASOSIDA CHIGIT EKISH KENG JORIY ETILMOQDA
2026-03-25 12:20:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Qarshi tumani Ya. Omonov hududidagi “Shaxzodbek asl dalasi” fermer xo‘jaligida mazkur usul bo‘yicha navbatdagi o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi M. Azimov, inspeksiyaning viloyat boshqarmasi boshlig‘i S. Donaev, shuningdek, sohaga oid tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminar avvalida Xitoyning Shinjon texnologiyasi asosida chigit ekish jarayoni hamda unda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnikalar bilan yaqindan tanishildi.
Tadbir davomida “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan fermer xo‘jaliklari, klaster korxonalari va qishloq xo‘jaligiga oid tashkilotlar vakillariga 76x10 sxema asosida plyonka ostiga chigit ekish seyalkalaridan samarali foydalanish hamda ularning afzalliklari yuzasidan zarur tushunchalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida, Qashqadaryo viloyatida 2026-yil paxta hosili uchun jami 129 ming 300 gektar maydonga chigit ekilishi rejalashtirilgan. Shundan 69 ming 290 gektar maydonga 76x10 sxemada qo‘sh qator (jumladan, 39 ming 108 gektar maydonga “Shinjon” usulida plyonka ostiga), 60 ming 10 gektar maydonga esa yakka qator 76 sm sxemada chigit ekiladi.
Mazkur maydonlarda chigit ekish ishlarini amalga oshirish uchun jami 662 ta zamonaviy yangi seyalkalar mavsumga to‘liq shay holatga keltirilgan.
A. Achilov, “O‘zagroinspeksiya” Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Texnika holatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i






