NAVRO‘Z AYYOMI O‘ZAGROINSPEKSIYADA KO‘TARINKI RUXDA O‘TDI
2026-03-18 17:10:00 / Yangiliklar

O‘zagroinspeksiya jamoasida ham ushbu qutlug‘ ayyom ko‘tarinki kayfiyat va milliy an’analarga sodiqlik ruhida nishonlandi. Bayram tadbirida xodimlar milliy liboslarda ishtirok etib, an’analarimizga xos fayz va latofatni namoyon etdilar.
Tadbir doirasida milliy taomlar tayyorlanib, ko‘k somsalar ishtirokchilarga ulashildi. Ayniqsa, sumalak pishirish jarayoni bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Shuningdek, sumalak kovlash jarayoni ham tadbirning eng qiziqarli va ramziy qismlaridan biriga aylandi. Xodimlar navbat bilan yaxshi niyatlar bilan qozonni kovlab, yurt tinchligi, farovonlik va baraka tiladilar. Bu jarayon jamoadagi hamjihatlik, o‘zaro hurmat va ezgu niyatlarni yanada mustahkamladi.
Bayram davomida samimiy muhit hukm surib, jamoa a’zolari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalari yanada kuchaydi. Navro‘zning insonparvarlik g‘oyalari tadbir mazmunida o‘z ifodasini topdi.
Bunday tadbirlar milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish hamda jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Sarvinoz ISMOILOVA,
O‘zagroinspeksiya matbuot kotibi









