SIFATLI URUG‘LIK – YUQORI HOSIL POYDEVORI
2026-03-13 09:20:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2026 yil hosili uchun yetishtirilayotgan urug‘lik g‘alla maydonlarida belgilangan tartib asosida nazorat va monitoring ishlari amalga oshrilmoqda. Mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi – nav tozaligini saqlash, urug‘lik sifati ko‘rsatkichlarini ta’minlash hamda kelgusi ekin mavsumi uchun sifatli urug‘lik fondini shakllantirishdan iboratdir.
Hozirgi kunda tumanda 18 ta urug‘chilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklari faoliyat yuritib, ular tomonidan jami 910 gektar maydonlarda urug‘lik boshoqli don ekinlarining 5 ta navidan 3910 tonna sifatli sara urug‘lik don yetishtirilishi rejalashtirilgan.
Xususan, urug‘lik g‘alla maydonlariga boshoqli don ekinlaring “Vexa”, “Aleksevich”, “Grom”, “Antonina”, “Yelanchik” navlari ekilgan.
Ushbu maydonlarda agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatilgan.
Bugungi kunda hududlarda olib borilgan o‘rganishlar davomida urug‘lik uchun ekilgan g‘allaning holati, begona o‘tlar bilan zararlanish darajasi hamda kasallik va zararkunandalar tarqalishi holatlari o‘rganilmoqda.
Shuningdek, urug‘lik g‘alla maydonlarini oziqlantirishda azotli mineral o‘g‘itlardan foydalanish, sug‘orish rejimiga rioya etish va o‘simliklarni himoya qilish tadbirlarining belgilangan meyorlar asosida olib borilishi tahlil qilinmoqda.
Nazorat tadbirlari jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fermer xo‘jaliklari rahbarlariga ogohlantirish va tegishli ko‘rsatmalar hamda amaliy tavsiyalar berilmoqda. Urug‘lik maydonlarda navdorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, tumanda urug‘lik g‘alla maydonlarida olib borilayotgan nazorat tadbirlari va amaliy yordam ishlari fermer xo‘jaliklarining yuqori hosildorlikka erishishi, sifatli urug‘lik zahiralarini yaratish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini barqaror oshirishga xizmat qiladi. Sifatli urug‘ – barqaror hosil kafolati ekanligini har bir fermer xo‘jaligi rahbari chuqur his qilishi lozim.
J.Djangirov
O‘zagroinspeksiyaning Chinoz tumani bo‘limi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining yetishtirilishi ustidan nazorat qilish bo‘yicha bosh mutaxassisi



