Xizmatlarda shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish bo‘yicha 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar
2025-11-06 15:10:00 / Yangiliklar

Seminarda 2025-yil davomida xizmat ko‘rsatish jarayonlarini takomillashtirish, ularni to‘liq raqamlashtirish, shaffoflikni oshirish, korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish hamda mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlarning qulayligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Xizmat sifati ustidan nazorat kuchaytirildi
Markaz bo‘limlarida xizmat ko‘rsatishning yagona standartlari joriy etildi. Har bir jarayon bosqichi bo‘yicha mas’ul xodimlarning javobgarligi aniq belgilandi, xizmatlar sifatini monitoring qilish mexanizmlari kuchaytirildi.
Korrupsiyaga qarshi samarali mexanizmlar tatbiq etildi
Xizmat ko‘rsatish jarayonlaridagi korrupsiyaviy xavf omillarini aniqlash maqsadida batafsil tahlillar o‘tkazildi. Tahlillar yakuni bo‘yicha xavflarni bartaraf etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
“Shaffof xizmat ko‘rsatish” elektron moduli ishga tushirildi
Markaz faoliyatidagi barcha jarayonlar — buyurtmalarni rasmiylashtirish, laboratoriya sinov natijalarini shakllantirish, sertifikatlar berish, murojaatlar bilan ishlash va statistik ma’lumotlarni yuritish — to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Mazkur modul xizmatlar ochiqligi va kuzatuvchanligini yuqori darajada ta’minlamoqda.
Axborot xavfsizligi mustahkamlandi
Ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish maqsadida zamonaviy axborot tizimlari va himoya vositalari joriy etildi. Axborot xavfsizligi siyosati yangilanib, ma’lumotlar bilan ishlash tartibi yanada takomillashtirildi.
Natijalar
2025-yilda amalga oshirilgan islohotlar natijasida:
• xizmat ko‘rsatish tezligi va sifati oshdi;
• mijozlar bilan ishlash jarayonida ochiqlik va ishonch mustahkamlandi;
• korrupsiyaviy xavf omillari sezilarli darajada kamaytirildi.


