#Faxr
2024-05-18 11:15:00 / Yangiliklar

Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Ak Ilbirs" marosimida Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Yakshanba” filmi aktrisasi Roza Piyazova "Markaziy Osiyoning eng yaxshi aktrisasi" nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, taniqli rejissyor, senarist va kino ustasi Elyor Ishmuhamedov "Jahon kinematografiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun" mukofoti bilan taqdirlandi.
Elyor Ishmuhamedov o‘zining kino durdonalari bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki chet elda ham ko‘pchilikning qalbini zabt etgan. Ijodkor faoliyati davomida “Mehribonlik”, “Alvido, g‘o‘r yoshligim”, “Hayotning boshlanishi”, “Sevishganlar”, “Orzularimiz qanotida”, “Sevishganlar 2”, “Shok” kabi ko‘pchilikning qalbidan o‘rin egallagan filmlarni yaratgan.
Maʼlumot uchun, Qirg‘izistonda o‘tgan xalqaro kinofestivalda o‘zbek kinosi kunlari ham tashkil etilib, uning doirasida Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan "Abdulla Oripov", “Sabot” va "O‘zbek qizi" filmlari qirg‘izistonlik tomoshabinlar uchun namoyish qilindi.






