Diqqat e’lon!!!
2024-05-16 19:00:00 / Yangiliklar
18–21-iyun kunlari Madaniyat vazirligi “Dirijyor, rejissyor, baletmeystyerlar” respublika ko‘rik-tanlovini e’lon qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Opera va balet san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 27-dekabrdagi PQ-64-son qarori ijrosini ta’minlash hamda opera va balet san’atini yanada yuksaltirish, dirijyor, rejissyor va baletmeytserlarni kashf etish, ularning iste’dodi va qobiliyatini namoyon etish, ijrochilik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, yosh ijodkorlarni yuksak darajaga ko‘tarish, milliy san’atimizni dunyo sahnalariga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, ularning ijodini keng targ‘ib qilish, opera va balet san’atida ijod qiluvchilarning imkoniyatlarini hamda kasb mahoratini oshirish va ularning o‘ziga xos xususiyatlari bilan ommani tanishtirish maqsadida Madaniyat vazirligi “Dirijyor, rejissyor, baletmeystyerlar” respublika ko‘rik-tanlovini e’lon qiladi.
Tanlov joriy yilning 18-21 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
Tanlovda bolalar musiqa va san’at maktablari o‘qituvchilari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlar, musiqa va san’at kollejlari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari, o‘qituvchilari, badiiy va ijodiy jamoalarning ijrochilari ishtirok etishi mumkin. Tanlovda yosh chegarasi 20 – 35 yoshni tashkil etadi.
Tanlovda ishtirok etishni istagan ijrochilar 2024-yilning 15-iyun kuniga qadar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim (fayl papkada):
tanlovda ishtirok etish uchun ariza;
pasport nusxasi;
ijodiy tavsifnoma;
ijro dasturi (dasturda nomer nomi, kompozitor, rejissyor va xoreograflar ko‘rsatilgan bo‘lishi shart);
3x4 sm o‘lchamdagi 2 ta va 9x12 sm o‘lchamdagi 2 ta rangli fotosurat (portret va ijodiy obrazda);
Arizalar o‘zbek va rus tillarida qabul qilinadi. Ro‘yxatga olishda ishtirokchilarning qaysi guruhda qatnashishlari, ism-shariflari to‘liq va aniq yozilishi zarur.
Ishtirokchilarning tanlov davomida ijro etish navbati belgilangan tartibda qur’a tashlash orqali aniqlanadi va ushbu tartib tanlov yakuniga qadar saqlab qolinadi.
Ijro etiladigan barcha asarlar nufuzli hay’at a’zolari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Tanlov saralash va yakuniy (final) bosqichdan iborat bo‘ladi.
Asarlar yoddan ijro etiladi hamda namoyish etiladi.
Tanlov quyidagi 3 ta yo‘nalish (nominatsiya) bo‘yicha o‘tkaziladi:
Dirijyorlik yo‘nalishi;
1-tur: (ishtirokchi tanloviga ko‘ra)
Birinchi asar:
- Y. Gaydn – Hohlagan simfoniyasidan bir parcha
- E. Grig – Per-gyunt 2 ta syuita (hohlagan qism)
- J. Bize – Arlezianka 2 ta syuita (hohlagan qism)
Ikkinchi asar:
Yakka akkompanement (vokal yoki instrumental nomer 7 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan)
Uchinchi asar:
D. Zokirov – Lirik poema
2-tur: (ishtirokchi tanloviga ko‘ra)
Birinchi asar:
Betxoven 1, 2 simfoniya (hohlagan qism)
Ikkinchi asar:
Jahon opera repertuaridan akkompanement (tavsiya etilgan repertuarga ko‘ra)
- Dj. Puchchini – “Bogema” operasidan Rudolfo ariyasi
- Dj. Puchchini – “Bogema” operasidan Mimi ariyasi
- Dj. Verdi – “Rigoletto” operasi 2-aktidan Gersog ariyasi
- Dj. Verdi – “Traviata” operasidan Violetta ariyasi
- S. Yudakov – “Maysaraning ishi” operasidan Oyxon ariyasi
- M. Ashrafiy – “Dilorom” operasi 2-aktidan Dilorom romansi
- M. Ashrafiy – “Dilorom” operasidan Moni ariyasi
- Brovsыn-Djalilov – “Tohir va Zuhra” operasidan Tohir ariyasi (Ey quyosh)
Uchinchi asar:
M. Ashrafi – Romans “Kashmirida”
Rejissyorlik yo‘nalishi;
1-tur: (ishtirokchi tanloviga ko‘ra)
Ishtirokchi tanloviga ko‘ra, solistlar va ikki-uch qahramonlar bilan turli janrdagi musiqali sahna ko‘rinishi (opera, operetta, musiqali yoki o‘zbek musiqali dramasi). Sahna ko‘rinishining davomiyligi – 15 daqiqadan oshmasligi kerak.
2-tur: (ishtirokchi tanloviga ko‘ra)
Ishtirokchi tanloviga ko‘ra, solistlar va bir necha qahramonlar bilan turli janrdagi musiqali sahna ko‘rinishi (opera, operetta, musiqali yoki o‘zbek musiqali dramasi). Sahna ko‘rinishining davomiyligi – 15 daqiqadan oshmasligi kerak.
Baletmeysterlik yo‘nalishi;
1-tur: (ishtirokchi tanloviga ko‘ra)
zamonaviy xoreografiya, klassik raqs, xalq raqsi, milliy raqs yo‘nalishida har qanday uslubdagi chiqishlar.
2-tur: (ishtirokchi tanloviga ko‘ra)
Adagio, Pas de deux, Trio (Pas de trois), Pas de quatre. Klassik raqs uslubida, tarixiy raqsda va zamonaviy xoreografiyaning har qanday uslubida va milliy xoreografiyada nomer.
Xoreografiyaning har qanday uslubida baletning kichik shakli.
Tanlov ishtirokchilari quyidagi mezonlarga asosan baholanadi:
professional tayyorgarligi;
repertuar saviyasi;
badiiy did bilan yondashuvi;
sahna madaniyati va artistik mahorati.
Tanlovning saralash va yakuniy bosqichlarida ishtirokchilarning ijro mahorati hakamlar hay’atining har bir a’zosi tomonidan alohida tarzda ballik tizimi bo‘yicha baholanadi.
Tanlovning saralash bosqichida umumiy ball natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar hakamlar hay’ati qaroriga asosan, tanlovning yakuniy (final) bosqichiga o‘tkaziladi.
Tanlovning yakuniy bosqichida asarlar orkestr jo‘rligida ijro etiladi.
Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarga qo‘yilgan ballar teng bo‘lib qolganda, hakamlar hay’ati raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Tanlovda eng ko‘p umumiy ball to‘plagan ishtirokchilar orasidan hakamlar hay’ati qaroriga asosan, tanlovning har bir yo‘nalishi (nominatsiya) bo‘yicha 1, 2, 3-o‘rin sovrindorlari aniqlanadi.
Ishtirokchilarni baholashda hakamlar hay’ati mustaqildir.
Tanlov g‘oliblari maxsus diplom, tegishli miqdorlarda pul mukofotlari hamda tanlovning 1-o‘rin g‘oliblari (oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘qituvchilaridan tashqari) mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat qabul kvotasiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Tanlovning yakuniy bosqichi ishtirokchilariga “Dirijyor, rejissyor, baletmeysterlar” respublika ko‘rik-tanlovi ishtirokchisi diplomi beriladi.
Tanlov ishtirokchilarining tanlov o‘tkazilishi belgilangan hududga kelib-ketish, mehmonxona va ovqatlanish harajatlari o‘z mablag‘lari yoki yuborayotgan tashkilotning mablag‘lari yoxud jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.
Manzil: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Zarafshon ko‘chasi, 28-uy.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri
Tel.: 71 233-56-09, +998 90-992-64-15