Qirg'izistonda O'zbek kinosi kunlari o'tkaziladi
2024-05-14 10:35:00 / Yangiliklar
15–17-may kunlari Qirg'izistonning Bishkek shahrida "O'zbek kinosi kunlari" tadbirlari bo'lib o'tadi. Aksiya doirasida Bishkekning "Rossiya" kinoteatrida Madaniyat vazirligi hududidagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan "Sabot", "O'zbek qizi", "Abdulla Oripov" filmlari namoyish etiladi.
Shuningdek, Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori o'rinbosari Alisher Xo'jayev, O'zbekiston kinoarboblari uyushmasi raisi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Matyoqub Matchonov, rejissyorlar Rashid Malikov, Elyor Ishmuhammedov, taniqli aktrisalar Nigora Karimboyeva va Feruza Saidovalardan iborat O'zbekiston delegatsiyasi Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi rahbari bilan uchrashuv o'tkazishi rejalashtirilgan.
Dastur yakunida esa delegatsiyaning “Ak-Ilbirs” Milliy kino mukofotini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etishi ko'zda tutilgan.