Vazir FISU va AUSF rahbariyati vakillari bilan uchrashdi
2026-09-29 18:30:00 / Vazirlik yangiliklari

I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda FISU prezidenti Leonz Eder, Xalqaro universitet sporti federatsiyasi bosh kotibi oʻrinbosari Fernando Silva Parente, Markaziy Osiyo talabalar sporti federatsiyasi prezidenti Qayrat Qayrullinovich, Moʻgʻuliston talabalar sporti federatsiyasi bosh kotibi Jargalsayxan Dorjsuren hamda Oʻzbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumini yuqori saviyada tashkil etish, Oʻzbekistonda talabalar sportini rivojlantirish, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish hamda universitetlar sporti sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda talabalar sportini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, “Universiada”, “Talabalar ligasi”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Yangi Oʻzbekiston talabalar olimpiadasi” va “Talaba-yugur” kabi yirik sport musobaqalari tizimli ravishda tashkil etilmoqda.
Ushbu musobaqalar yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, ularning sport mahoratini yuksaltirish hamda yuqori natijalar sporti uchun munosib zaxirani shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston sportchilarining xalqaro musobaqalarda erishayotgan natijalari, talabalar sportining milliy sport tizimidagi oʻrni va universitetlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari haqida soʻz yuritildi.
Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, talabalar sportini yangi bosqichga olib chiqish va oʻzaro aloqalarni rivojlantirish maqsadida uchrashuv doirasida Oʻzbekiston va Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar talabalar sportini rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish va yoshlar oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro hurmat hamda sogʻlom raqobat muhitini mustahkamlash borasida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.









