audio

    16+
    Oʻzbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda Qirgʻiziston oliy taʼlim va fan vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    Samarqandda o‘tkazilayotgan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oliy taʼlim muassasalari rektorlari ikkinchi forumi doirasida Oʻzbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Qirgʻiziston oliy taʼlim va fan vaziri Dogdurkul Kendirbayevalar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Suhbat davomida ikki mamlakat o'rtasida o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, forum va madaniy-ma’rifiy tadbirlarda tomonlar fan va ta’lim vakillarining doimiy ishtirokini ta’minlash orqali xalqlar o‘rtasidagi ilmiy muloqotni rivojlantirish va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi yuzasidan  fikr almashinildi.

    –  Mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashimiz, qirg‘izistonlik talabalarning O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishlari uchun yetarli darajada imkoniyatlar yaratishimiz lozim. Buning natijasida talabalarimizning yanada sifatli ta’lim olishlari hamda bilim va tajriba almashishlariga imkon yaratgan bo‘lamiz – deya ta’kidlab o‘tdi Qoʻngʻirotboy Sharipov.

    Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini rivojlantirish orqali ularning tajribasini yanada oshirish, hamkorlikda yangi ta’lim loyihalarini  yo'lga qo'yish, shuningdek, kelgusida ikki mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida umumiy bo‘lgan muammolarni bartaraf etadigan malakali mutaxassis kadrlar tayyorlab chiqarishga alohida urg‘u berildi hamda bu borada amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

    • view_icon 519
    : 2024-07-16 15:24:04