Yer to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
2025-04-18 18:25:00 / Yangiliklar

Yer xususidagi nizolarni hal etish hamda yer to‘frisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
89-modda. Yer xususidagi nizolarni hal etish
Yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi yer xususidagi nizolar sud tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
90-modda. Yer to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan amalga oshirilgan yer uchastkalari oldi-sotdisi, ularni hadya qilish, garovga qo‘yish (yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini, shu jumladan kim oshdi savdosi asosida olingan shunday huquqni, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini garovga qo‘yish, shuningdek ijaraga berilgan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar va majburiyatlarni belgilangan tartibda boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) bundan mustasno), yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan ayirboshlash haqiqiy emas deb hisoblanadi. Bunday bitimlarni amalga oshirishda aybdor shaxslar qonunga binoan javobgar bo‘ladilar.
Quyidagi holatlarda ham aybdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar:
yerlardan belgilangan maqsadda foydalanmaganlikda;
yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlikda;
qishloq xo‘jaligi yerlarini va boshqa yerlarni yaroqsiz holga keltirganlikda, ularni kimyoviy va radioaktiv moddalar, ishlab chiqarish chiqindilari va oqova suvlar bilan ifloslantirganlikda;
yerlarning holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan obyektlarni joylashtirganlikda, qurganlikda, loyihalashtirganlikda, foydalanishga topshirganlikda;
vaqtincha egallab turilgan yerlarni qaytarish muddatini buzganlikda yoki yerlarni belgilangan maqsadda foydalanishga yaroqli holatga keltirishga oid majburiyatlarni bajarmaganlikda;
yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilarga va mulkdorlarga qarashli yer uchastkalarining marza belgilarini yo‘q qilganlikda;
davlat yer kadastri ma’lumotlarini buzib ko‘rsatganlikda;
o‘zboshimchalik bilan pichan o‘rganlikda va chorva mollar boqqanlikda;
yovvoyi o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurash choralarini ko‘rmaganlikda;
yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanganlikda, yerlarning holatini yaxshilash hamda tuproqni suv va shamol eroziyasidan va tuproq holatining yomonlashuviga olib keladigan boshqa jarayonlardan saqlash majburiyatlarini bajarmaganlikda;
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni o‘tkazishning belgilangan tartibini buzganlikda;
sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaganlikda.
91-modda. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni qaytarish
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari ularga g‘ayriqonuniy ravishda egalik qilingan va foydalanilgan vaqtda qilingan sarf-xarajatlar qoplanmagan tarzda tegishliligiga ko‘ra qaytariladi.
Yer uchastkalarini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish, shu jumladan undagi imoratlarni buzish yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar hisobidan amalga oshiriladi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasi ijarachisiga yoki mulkdoriga qaytarish tegishli tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga binoan yoki sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
911-modda. Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish oqibatlari
O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasiga, shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkasida barpo etilgan har qanday bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini yoki boshqa mulkiy huquqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallagan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, qurilish uchun ajratilmagan yer uchastkasida qonunga xilof qurilish obyektini barpo etgan shaxslar insofli mulkdor deb tan olinmaydi.
O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalaridagi qonunga xilof qurilish obyektlarini suv ta’minoti, oqova suv, elektr, issiqlik energiyasi va gaz tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.
M.M.Yuldashev,
Jizzax tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi
