Сингапур Полицияси вакиллари Тошкент шаҳар ИИББга ташриф буюрди
2025-06-12 11:00:00 / Янгиликлар

Oʻzbekiston Respublikasi va Singapur Respublikasi oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik va doʻstona aloqalar oʻrnatilgan. Koʻplab sohalarda, xususan, ichki ishlar organlari faoliyatida oʻzaro oʻrganish, maʼlumotlar va tajriba almashish tobora mustahkamlanib bormoqda.
Singapur Politsiyasi rahbari Xung Vi Tek boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga rasmiy tashrifi ana shu har tomonlama hamkorlikning yorqin namunasidir.
Mehmonlar tashrifi doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ham boʻlishib, Yagona tezkor boshqaruv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Markazning zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlanganligi, poytaxt hududida tinchlik-xotirjamlikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, har bir jinoyat va huquqbuzarliklar boʻyicha murojaat va xabarlarga tezkor munosabat bildirish, oldini olish borasida amalga oshirayotgan ishlariga ijobiy baho berildi.
Bosh boshqarma qoshida faoliyat yuritayotgan “Shon-sharaf” muzeyiga tashrifi chogʻida u yerdagi ichki ishlar organlari faoliyatining uzoq shakllanish tarixi haqida hikoya qiluvchi asori-atiqalar, yodgorliklar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Shu bilan birga Bosh boshqarmaning Axborot multimedia markazi tomonidan poytaxt ichki ishlar organlari xodimlarining jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash borasida bugungi kun faoliyatini keng aholi qatlamlariga yetkazish, ogohlik va faollik va hamkorlikka chaqirish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlari ham mehmonlarning eʼtiborini tortdi.
Bu kabi davlatlararo oʻzaro ishonchli va doʻstona hamkorlik sohalardagi ijobiy oʻzgarishlar va ilgʻor tajribalarni tadbiq etish jinoyatchilikka barham berib, yurt tinchligi, osoyishtaligi va rivojiga katta hissa qoʻshishi shubhasiz.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati






