O'zbek bokschilari Jahon reytingida yuqori pog'onalarni egalladi
2024-09-19 12:00:00 / Yangiliklar
O‘zbek boks maktabi bir necha yillardan beri dunyoda eng kuchli ekanini e’tirof etib kelinmoqda. Terma jamoamiz a’zolari qit’a, jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlari kabi nufuzli musobaqalarda doim yuqori o‘rinlarni egallamoqda.
Xususan, yozda Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilgan Olimpiya o‘yinlarida bokschilarimiz jahondagi yetakchilik mavqeini yana bir karra namoyish qildi. Yetti vaznda o‘tkazilgan musobaqada hamyurtlarimiz beshta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston bokschilarining xalqaro maydondagi yutuqlari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Eng quvonarlisi, o‘zbekiston charm qo‘lqop ustalari nafaqat havaskorlar o‘rtasida, balki professional ringda ham yetakchilar qatoriga kiradi. Jumladan, Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madrimov, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev professional yo‘nalishda ham top-bokschilar sirasida zikr etiladi.
Boks va yakkakurash turlariga ixtisoslashgan eng nufuzli boxrec.com portali vazn toifasidan qat’i nazar, jahonning eng kuchli bokschilarining yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kuchli o‘nlikning o‘zida to‘rt nafar o‘zbek chempioni bor.
Reytingning eng yuqori cho‘qqisida havaskorlar boksida barcha nufuzli turnirlarda bir necha marotabadan g‘olib chiqqan Bahodir Jalolov joylashdi. 30 yoshli bokschimiz bu yo‘nalishda 124 ta uchrashuvdan 109 tasida g‘olib chiqqan.
Bahodir Jalolov o‘ta og‘ir vazn toifasida Olimpiya o‘yinlarida ikki marotaba chempionlikka erishgan jahon boksi tarixidagi yagona charm qo‘lqop ustasi hisoblanadi.
Reytingda Bahodirdan keyingi pog‘onaga o‘zbek bokschilarining yangi avlodi vakili – 24 yoshli Abdumalik Xalakov loyiq topildi. Abdumalik havaskorlar o‘rtasida 94 ta bellashuvdan 80 tasida g‘olib chiqqan. Yosh bo‘lishiga qaramay, amaldagi jahon va olimpiya chempioni hisoblanadi.
Keyingi uch qatordan ikkitasida rossiyalik Gabil Mamedov va Muslim Gadjimagomedov, bittasida ukrainalik Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Oleksandr Xijnyak o‘rin egallagan.
Ikki karra Olimpiya chempioni Hasanboy Do‘smatov ro‘yxatda oltinchi o‘rinda qayd etildi. Boks professori o‘zi ishtirok etgan 137 ta jangdan 124 tasida raqiblari ustidan g‘olib chiqqan. Havaskor boksda Do‘smatov yutmagan sovrin qolmadi. Hasanboy 2016-yili Braziliyadagi Olimpiya o‘yinlarida eng zo‘r texnikasi uchun berilgan Vel Barker kubogini ham o‘zida saqlab kelmoqda.
Hasanboydan keyin yettinchi pog‘onada jahon chempionati sovrindori va Parij Olimpiadasining og‘ir vazndagi chempioni Lazizbek Mullajonov joylashdi. Uning hisobida 61 ta g‘alaba va 11 ta mag‘lubiyat bor.
“Top-10”dan to‘rtta bokschimiz o‘rin olgan bo‘lsa, keyingi o‘ntalik ham o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchisi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev bilan boshlanadi. 11-o‘rinda turgan 23 yoshli jahon va olimpiya chempioni hisobida 53 ta g‘alaba va 8 ta mag‘lubiyat bor.
Parij Olimpiadasi ishtirokchisi, jahon chempioni Ruslan Abdullayev umumiy reytingda 17-qatorda bormoqda.
Uchinchi o‘nlikni ham o‘zbekistonlik sportchilar boshlab berdi. Mirazizbek Mirzaxalilov va Mujibullo Tursunov portal ekspertlari tomonidan 21 va 22-qatorga loyiq topildi.
Umuman olganda, “top-100”dagi bokschilar qatorida Saidjamshid Ja’farov (40-o‘rin), To‘rabek Habibullayev (47-o‘rin), Havasbek Abdullayev (50-o‘rin), Jahongir Zokirov (82-o‘rin), Iqboljon Xoldorov (91-o‘rin) ham bor.