Yoshlarga oid davlat siyosati – amalda
2024-03-02 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari
Dunyo aholisining 2 milliarddan ziyodi, ya’ni 25 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatimizda esa yoshlar qatlami jami aholining qariyb 60 foiziga yaqin. Shuning uchun O‘zbekiston yoshlar mamlakati sifatida e’tirof etiladi. Yaqin o‘n yilliklarda bu qatlam davlat va jamiyat boshqaruvida hal qiluvchi kuchga ega bo‘lishini tasavvur qilsak, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, muammolarini vaqtida hal etib, shaxs sifatida rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, professional kasb mahoratini shakllantirish kabi vazifalar nihoyatda dolzarb ekani oydinlashadi.
Davlatimiz rahbari “Yoshlar kelajagi bilan bog‘liq har qanday vazifa birlamchi ahamiyatga ega”, deb bejiz ta’kidlamaydi. Bu yondashuv “O‘zbekiston–2030” strategiyasida ham aksini topgan. Misol uchun, ushbu muhim hujjatning “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” deb nomlangan birinchi yo‘nalishi 44 banddan iborat bo‘lsa, shuning 25 dan ortig‘i bevosita yoshlar manfaatlariga qaratilgan.
Yoshlar siyosati sohasida qabul qilinayotgan reja va dasturlarimiz qanchalik jozibali va jarangdor bo‘lmasin, ularning hayotga qay darajada keng tatbiq etilayotgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xususan, mas’ul davlat xizmatchilari ijro intizomiga qat’iy rioya etsa, har bir topshiriq va vazifaning ijrosini belgilangan muddatlarda, yuqori darajada ta’minlasa, yoshlar manfaati yo‘lidagi islohotlar samarasini har bir yosh o‘z tanasida his etadi, bundan bahramand bo‘ladi.
Bu borada Yoshlar ishlari agentligida Prezidentimizning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarining amalga oshirilishi bo‘yicha nazorat va hisobdorlik tizimi mavjud. Xususan, har bir topshiriq ijrosi elektron tizim orqali nazoratga olinib, rahbar va mas’ul xodimlarning faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholab borish yo‘lga qo‘yildi.
Buning natijasida o‘tgan yili agentlik tomonidan Prezidentimizning 11 ta farmonida belgilangan 40 ta, 34 ta qarorida belgilangan 162 ta, 2 ta farmoyishida belgilangan 24 ta, 18 ta yig‘ilish bayonida belgilangan 65 ta topshiriq ijrosi sifatli tashkil etildi. Buning natijasida yoshlarimiz o‘zlari talpinayotgan ezgu maqsadlari yo‘lida misli ko‘rilmagan imtiyoz va imkoniyatlarga ega bo‘ldi.
Yoshlar nimani xohlaydi?
Xo‘sh, bugun yoshlarimiz davlatdan nimani xohlamoqda? Albatta, ular o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini hech qanday to‘siqlarsiz ro‘yobga chiqarish uchun erkin va qulay shart-sharoitlarni, teng imkoniyatlar
va kelajak uchun mustahkam kafolatlarni istaydi.
Ayni paytda yoshlarga oid davlat siyosati to‘liq ushbu maqsadlarga yo‘naltirilgan. Yosh avlodga huquqiy kafolatlarni yaratishdan tortib, sifatli bilim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, shaxs sifatida kamol topishi, qo‘yingki, mehnat qilib, farovon kelajagini bunyod etishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
Xususan, o‘tgan 2023 yilda yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, manfaatlarini ta’minlash sohasida yurtimiz tarixida kuzatilmagan ulkan ishlar qilindi. Albatta, bu jadal demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlagan vatanimiz uchun mutlaqo tabiiy holdir. Chunki ilm-fan va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan, global dunyoda raqobat ortib borayotgan bir sharoitda mamlakatlarning kelajak taqdiri yoshlarning intellektual salohiyati, iste’dodiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar bilan ishlash borasidagi muammolarga samarali yechimlar topish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi. O‘tgan vaqt davomida amalga oshirilgan ishlar ayni shu vazifalar ijrosiga qaratilgan, desam adashmayman.
“Yoshlar balansi”
Yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari yildan yilga takomillashib, yangi va samarador yo‘nalishlarda davom ettirilmoqda. Hamma o‘g‘il-qizlarimiz uchun teng imkoniyatlar yaratish maqsadida 2023 yilda “Yoshlar balansi” asosida yoshlarimiz uchta – “yaxshi”, “o‘rta” va “og‘ir” toifalarga ajratib olindi. “Og‘ir” toifadagi ishsiz, davlatning e’tibori va g‘amxo‘rligiga muhtoj 400 mingga yaqin yoshga keng ko‘lamli yordamlar ko‘rsatildi. Xususan, ular 133 nafar vazir va o‘rinbosariga, 6 622 nafar hokim, sektor va tashkilot rahbariga biriktirildi. Shu asosda rahbarlarning “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan uchrashuvini tashkil qilish grafik rejasi ishlab chiqildi.
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan 208 ta tuman (shahar), 832 ta sektor, 9448 ta mahallada yoshlar bilan ishlash holati birma-bir o‘rganildi. Amaliy choralar natijasida “og‘ir” toifadagi 146 ming yosh “yashil” toifaga o‘tkazildi.
Jumladan, muammosi aniqlangan 185 ming yoshning 181 mingta (98 foiz) masalasi hal etildi. Ulardan 51379 nafarining bandligi ta’minlandi, 30847 nafariga moddiy yordam berildi, 31910 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, davolandi, 66816 nafarining turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalari hal etildi.
Yoshlar etakchisi va biriktirilgan mas’ul rahbar kafilligi asosida xulq-atvori ijobiy tomonga o‘zgargan, probatsiya nazoratida turuvchi 6293 (45 foiz) hamda profilaktika nazoratida turuvchi 13567 (61 foiz) yosh muddatidan oldin hisobdan chiqarildi. Muntazam dars qoldiruvchi 5552 (60 foiz) yosh ta’limga, narkotik va psixotrop moddalarni iste’mol qiluvchi 166 (20 foiz) yosh sog‘lom turmush tarziga qaytarilgan bo‘lsa, 5204 ta (81 foiz) notinch oilada ijobiy muhit barqarorlashtirildi.
Xorijiy migratsiyadan qaytgan 18148 (29 foiz) yosh ish bilan ta’minlandi. Ajralish yoqasidagi 3791 ta (51 foiz) yosh oila yarashtirildi. Nogironligi bo‘lgan yoshlarning 25709 nafari davolatildi, 2644 nafari nogironlik reabilitatsiya texnik anjomlari bilan, 13395 nafari ish bilan ta’minlandi.
Yoshlar etakchilari xonadonma xonadon xatlov o‘tkazib, xorijdagi 268 ming yosh balansini shakllantirdi va ular bilan doimiy muloqot o‘rnatdi. Mehnat migratsiyasi orqali 11335 yosh yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtirildi. Xorijiy mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida 54075 gektar, jumladan, bog‘zor (16485 ga), tokzor (6840,4 ga), zaxira (3066 ga) va lalmi (27684,4 ga) er o‘rganilib, 1605,9 gektari ajratib berildi.
“Qo‘qon shahri tajribasi” asosida jinoyat sodir etishga moyil 50506 yosh aniqlanib, ular bilan manzilli ishlash bo‘yicha “harakatlar rejasi” amalga oshirildi. Ularning 3860 nafari “Jasorat maktabi” harbiy o‘quv yig‘iniga, 2860 nafari “Vatanparvar” tarbiya oromgohiga jalb etildi hamda ularda vatanga muhabbat, sadoqat tuyg‘ulari shakllantirildi. Uyushmagan yoshlarning 7605 nafariga harbiy xizmat badal puli to‘lab berildi va ular mahallalardagi “Qalqon” jamoatchilik guruhlariga jalb qilindi.
Yoshlarni harbiy-sport o‘yinlari orqali vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Amir Temur izdoshlari” harbiy-vatanparvarlik spartakiadasi o‘tkazilib, tanlovlar doirasida jami 1,2 million yosh qamrab olindi. Yoshlar jinoyatchiligiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus o‘quv moduli ishlab chiqilib, IIV akademiyasida 180 nafar trener tayyorlandi. Ular tomonidan “mahalla beshligi”ning 47 634 vakili kaskad usulida o‘qitildi.
Buning natijasida 3286 ta mahallada birorta ishsiz yosh qolmagani, 2831 ta mahallada yoshlar ishtirokida umuman jinoyat sodir etilmagani tizimdagi ulkan jamoaning mehnati mahsulidir.
“Yoshlar daftari” – imkoniyatlar daftari
Ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini yuritish bo‘yicha ishlab chiqilgan ma’lumotlar bazasi – “Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga etdi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati esa 30 kundan 5 kungacha qisqardi.
Yoshlar etakchilari tavsiyasi bilan 338 ming yigit-qizga 444 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Xususan, talabalarning shartnoma puli to‘landi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi. Bugunga kelib ko‘rsatilgan yordamlar natijasida yoshlar tadbirkorlik, dehqonchilik va biznes bilan shug‘ullanmoqda.
Har bir mahallada “fuqarobay” tasdiqlangan “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirildi. 2023 yilning o‘zida ishsiz 236120 yosh, 189085 maktab bitiruvchisining bandligi ta’minlandi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 150 ming yoshga 3,2 trillion so‘m imtiyozli kredit, 163 ming yoshga 67 ming gektar ekin maydoni ajratildi. 662 ming nafariga o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashildi, 56 ming nafari kasb-hunarga o‘qitilib, bandligi ta’minlandi.
“Besh tashabbus olimpiadasi”
2023 yildan boshlab “Besh tashabbus olimpiadasi”ni 4 ta yo‘nalishda, mahalla, maktab, professional ta’lim va oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazish yo‘lga qo‘yilib, jami 11,7 million, ya’ni 2022 yildagiga nisbatan 5,5 millionta ko‘p yosh qamrab olindi. G‘olib yoshlarning mahallalarida 623 ta sport maydonchasi qurib berildi. Ilk marotaba tashkil etilgan “Kasblar tanlovi” (oshpazlik, tikuvchilik, hunarmandlik, qandolatchilik, erkaklar sartaroshligi yo‘nalishlari bo‘yicha) musabaqalari juda ko‘plab yoshlarni birlashtirdi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda iqtidorli 4500 dan ortiq yosh ishtirokida Samarqand, Buxoro, Xorazm, Shahrisabz kabi tarixiy va diqqatga sazovor shaharlarga “Inklyuziv O‘zbekiston” shiori ostida bepul sayohatlar tashkil etish uchun 2,3 milliard so‘m ajratildi. Bugunga qadar 17 marotaba sayohat uyushtirilib, nogironligi bo‘lgan jami 3500 dan ortiq yosh jalb etildi.
Shuningdek, 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan yoshlar oyligida 5 million nafardan ortiq yosh qamrab olindi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvdagi topshiriqlari hamda boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq, “Besh tashabbus olimpiadasi” har yili ikki mavsumda, sport, madaniyat va san’at, kitobxonlik, kasb-hunar yo‘nalishlari bo‘yicha keng qamrovda o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 fevraldagi “Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va qobiliyatlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2024 yilgi mavsumini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish” to‘g‘risidagi 28-bayoni ijrosini ta’minlash yuzasidan joriy yilgi musobaqalarni o‘tkazish kalendar-rejasi ishlab chiqilib, targ‘ibot qilindi, musobaqalarda qatnashish uchun talabgor yoshlar ro‘yxatga olindi.
Yilning eng yirik loyihalari
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida kreativ park foydalanishga topshirildi. Saroyning birinchi qavatida 150 o‘rinli “Ijod” kitob do‘koni ochildi.
Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 97 mingdan ortiq yosh uchun 239 ta talabalar turar joyida yoshlarga oid davlat siyosatini targ‘ib qiluvchi maxsus stend, kitobxonlikni rivojlantirish uchun 50 nomdagi 23,9 mingta badiiy adabiyot hamda QR-kodli kitoblar stendidan iborat “Kitob karvoni” loyihasi tashkil etildi. Xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 22 ta til bo‘yicha 1800 dan ortiq videodars yaratilib, 2 million yosh qamrab olindi.
O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil 20 yanvardagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Zakovat” intellektual klubi uchun alohida bino hamda Intellektual o‘yinlar shaharchasi barpo etildi. Respublika miqyosida “Zakovat” intellektual o‘yini, kubik-rubik, mental arifmetika, mnemonika kabi o‘yinlar tashkil etilib, aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirildi. “Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlarga 2 million yosh jalb etilib, “Qarshi shahri – 2024 yilda intellektual hudud” deb e’lon qilindi.
Vikipedia internet tarmog‘ida o‘zbek tilida yaratilgan maqolalar soni 239 mingtaga etkazilib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 45-o‘ringa ko‘tarildi. Chet tillarni o‘rganish bo‘yicha 18 ta xalqaro imtihon tizimida 70 foizdan yuqori natija ko‘rsatgan 12359 yoshga 21,7 milliard so‘mlik imtihon xarajatlari qoplab berildi. Yoshlarning intellektual salohiyatini shakllantirish maqsadida “Zukko kitobxon”, “Bilim uchun 100 million” loyihalari amalga oshirildi.
Ajdodlar merosini o‘rganish maqsadida “Uyg‘onish” rukni ostida ilk Uyg‘onish davri allomalari va ularning ilmiy merosi xususida so‘z yurituvchi 7 ta kitobdan iborat to‘plam chop etildi. Kitoblar matni ilk Uyg‘onish davri olimlari hayoti, faoliyati va ijodi bilan bog‘liq ilmiy manbalar asosida bir necha oliy o‘quv yurtlarining etuk olimlari tomonidan shakllantirildi hamda nashrga tayyorlandi.
Ayni paytda Prezidentimizning 2023 yil 28 noyabrdagi “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, eng sara ilmiy-ommabop va badiiy adabiyotlarni xorijiy tillardan o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etish bo‘yicha “1000 kitob” loyihasi ustida amaliy ishlar boshlandi. Jumladan, dastlabki 10 ta kitob bo‘yicha mualliflik huquqini olish yuzasidan shartnomalar imzolandi.
Yoshlar etakchilari faoliyati qo‘llab-quvvatlanmoqda
Respublikamizdagi 9448 ta mahalladagi yoshlar etakchilari faoliyatini muntazam qo‘llab-quvvatlash, uslubiy-metodik yordam ko‘rsatish doimiy ravishda e’tibor markazida turibdi. 2023 yil may oyida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi yoshlar oromgohida “Yoshlar bilan individual ishlash tizimi” bo‘yicha respublika o‘quv seminari tashkil etilib, “Yoshlar bilan individual ishlashni tashkil etish bo‘yicha” uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi va barcha yoshlar etakchilarga tarqatildi. Bundan tashqari:
- yoshlar etakchilari uchun “7+2” eng muhim vazifalarni o‘z ichiga olgan 2 ta videodarslik ishlab chiqildi;
- yoshlar etakchilarining faoliyatiga oid barcha statistik ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Yon daftarcha” ishlab chiqilib, etakchilarga tarqatildi;
- yoshlar etakchilarining faoliyati yo‘nalishlarini belgilaydigan haftalik ish reja va uning hisobotini olish tizimi yo‘lga qo‘yildi;
- faol ishlayotgan etakchilarning 4 nafari Turkiya va 7 nafari Rossiyaga stajirovkaga yuborildi;
- oliy ta’lim muassasalarining sirtqi bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan, 474 nafar yoshlar etakchisining 2-semestr kontrakti uchun 3 milliard 159 ming so‘m to‘lab berildi;
- “Yilning eng namunali mahalla etakchisi” respublika tanlovi o‘tkazildi.
O‘tgan yil dekabr oyida – “Yoshlar forumi” doirasida yoshlar va rahbarlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash maqsadida barcha vazirlik va idoralarda yuz minglab yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ko‘plab muammolarga echimlar topildi.
2024 yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinganini hisobga olsak, bu yil yoshlar manfaatlarini ta’minlashga yanada keng ko‘lamli yondashiladi.
Shubhasiz, yoshlar – davlat va jamiyatning hal qiluvchi kuchi. Biznes va tadbirkorlik esa zamonaviy iqtisodiyotimizning asosini tashkil qiladi. Joriy yilning ana shunday nomlanishi yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, bandligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilishidan dalolatdir.
Jumladan, bu yil yurtimizda 5 million aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha alohida dastur qabul qilindi. Davlatimiz rahbari qat’iy ta’kidlaganidek, “kambag‘allikni keskin kamaytirish uchun odamlarimizga doimiy daromad keltiradigan ish o‘rinlarini yaratish zarur”.
2024 yilda yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi. Biznes va tadbirkorlik qilish istagidagi fuqarolarga, ayniqsa, tadbirkor yoshlarga yanada keng imkoniyat va imtiyozlar taqdim etiladi.
Yuqorida ta’kidlaganimiz – “O‘zbekiston–2030” strategiyasida ham yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 400 ming yoshning bandligini ta’minlash va muammolarini hal etishga erishish, yoshlarning ishsizlik darajasini 14 foizdan 11 foizga tushirish maqsad qilingan. Bu boradagi vazifalar “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da izchil amalga oshiriladi.
Shuningdek, yoshlar orasida katta qiziqish bilan kutib olingan “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali chet tillarni o‘rganayotgan yoshlarni 1 million nafarga, kitobsevarlarning “Mutolaa” dasturi orqali yosh kitobxonlarni 1,5 million nafarga etkazish choralari ko‘riladi. Buning uchun hududlarda qo‘shimcha infratuzilma barpo etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi.
Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Bu ishlarning debochasi o‘laroq, tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan qizlarni o‘qitish uchun maxsus grant e’lon qilindi. Bunda ikki oy davomida 50 nafar qiz ilk bosqichdan biznes boshlashning amaliy usullarini 10 nafar tajribali ekspertdan bepul o‘rganadi. Loyihaning birinchi bosqichida 18-30 yosh oralig‘ida bo‘lgan, Toshkent shahrida yashaydigan yoki yashash imkoniga ega nomzodlar ko‘rib chiqiladi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bu yil yurtimizdagi 19 milliondan ortiq yosh uchun ulkan imkoniyatlar yili bo‘ladi. Biznes va tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratish, ilm-fan, innovatsiya, axborot texnologiyalari sohalarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratiladi. Yoshlarning ilg‘or g‘oya va tashabbuslari, intilishlari yanada rag‘batlantiriladi.
Shu bois, Yoshlar ishlari agentligining mahalladan respublikagacha bo‘lgan vertikal tizimidagi barcha rahbar va mas’ul xodimlari, yoshlar etakchilari “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan har bir topshiriq va vazifalarning ijrosini yuqori saviyada ta’minlash uchun to‘la safarbar qilindi.
Bu borada 2023 yil 21 noyabr kuni ijro intizomi masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan quyidagi talablar topshiriqlar ijrosi bo‘yicha yakuniy natijadorlikka erishishning mustahkam poydevori hisoblanadi:
birinchisi – tizim yaratish;
ikkinchisi – tartib o‘rnatish;
uchinchisi – temir intizomni ta’minlash;
to‘rtinchisi – rahbarlar va boshqaruv tizimi xodimlarining dunyoqarashini keskin o‘zgartirish.
Alisher SA’DULLAEV,
Yoshlar ishlari agentligi direktori
