Yangi O‘zbekiston – yoshlar orqali o‘sish modelini yaratdi
2026-04-29 17:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi natijasida so‘nggi yetti-sakkiz yil ichida O‘zbekistonda yoshlar bilan ishlash tizimi oddiy ijtimoiy siyosat yo‘nalishidan strategik taraqqiyot modeliga aylandi. Bugungi kunda yoshlar uchun ta’lim, kitobxonlik, kasb-hunar, sport, madaniyat, bandlik, tadbirkorlik sohalarida aniq mexanizmga ega tizimli dasturlar ishlamoqda. Mahalla instituti orqali sohada vertikal boshqaruv tizimi yaratilgani, barcha darajadagi davlat idoralari, rahbarlar sohaga yalpi jalb etilgani erishilgan natijalarning asosidir.
Shu bilan birga, sohada nodavlat sektorning ishtiroki kengayib bormoqda. Ta’limda yangi formatlar paydo bo‘ldi, kasbga o‘qitish rivojlanmoqda.
38 millionlik aholimizning 9,5 million nafarini 14-30 yoshdagi yigit-qizlar tashkil etishini, har yili 270 mingta yosh oila shakllanayotganini hisobga olsak, demografik omil yoshlar siyosatiga uzoq muddatli va tizimli yondashuvni talab etmoqda. Misol uchun, bu yil bir milliondan ziyod o‘quvchi maktabni tamomlab, mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Bu o‘sish mavjud tizimni doimiy bosim ostida ushlab turadi. Ta’lim tizimi bunga moslashmasa, yangi ish o‘rinlari yetarli tezlikda yaratilmasa, bosim ichki muammolarga aylanadi. Ya’ni yoshlar sonining ko‘pligi o‘z-o‘zidan imkoniyat ham, mas’uliyat ham olib keladi. Bu omilni to‘g‘ri yo‘naltirish esa tizimli qarorlarni talab qiladi.
Real vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatimiz tarixida birinchi bor Yangi O‘zbekistonni barpo etishda yoshlarning o‘rni va salohiyatini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng ko‘lamli dastur – “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi ishlab chiqildi.
Ushbu hujjat yoshlar bilan ishlashning ustuvor yo‘nalishlarini bir joyga jamladi, ularning o‘zaro bog‘liqligi aniq belgilandi hamda natijaga olib boruvchi mexanizmlar tizimli shaklga keltirildi. Xususan, o‘quv muassasalarida berilayotgan bilim va mehnat bozoridagi real talab o‘rtasida nomuvofiqlik mavjudligi alohida qayd etilgan. Demografik o‘sish bandlik siyosati, ta’lim sifati, ijtimoiy barqarorlik, hatto xavfsizlik masalalariga ham bevosita ta’sir qiladi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, har yili yuz minglab yoshning bandligini ta’minlash vazifasi faqat ish o‘rni yaratish degani emas. Bu raqam ta’lim, iqtisodiyot va hududiy rivojlanish o‘rtasidagi muvozanatni talab qiladi. Xuddi shunday, 450 ming yoshni xorijiy tillardan B2 darajaga olib chiqish vazifasi ham alohida kurslar bilan hal bo‘lmaydi, balki butun ta’lim tizimining sifatiga bog‘liq. Yoki bo‘lmasa, strategiyada volontyorlik bo‘yicha 900 ming yoshni qamrab olish rejalashtirilgan. Bu ijtimoiy faollikni oshirishga xizmat qiladi. Lekin jarayon barqaror bo‘lishi uchun yoshlarning asosiy ehtiyojlari, ya’ni daromad, kasb va yashash sharoiti bilan uzviy bog‘lanishi kerak.
Endi tashabbus emas, tizim ishlaydi
Strategiyada alohida yo‘nalishlar bir zanjir sifatida ko‘riladi. Biz bugungacha yoshlar siyosatida tashabbuskor, o‘z imkoniyatini ko‘rsata oladigan muhit yaratdik, deb bemalol ayta olaman. Shu sabab endigi hujjatda asosiy e’tibor yangi tashabbuslar soniga emas, mavjud mexanizmlarning qanday ishlashiga qaratilgan. Qancha loyiha borligi emas, ular bir-birini qanday to‘ldirishi muhim bo‘lib qolyapti.
Bandlik va tadbirkorlik – oldimizda turgan eng muhim yo‘nalishlardan biri. 100 mingdan ortiq yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazganimizda ularning 25 foizdan ko‘prog‘i o‘z biznesini boshlamoqchi ekanini bildirgan. Har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarga ish o‘rni yaratish davlatning eng birinchi o‘rindagi strategiyasiga aylanishi kerak. Tushunish kerakki, bu bitta tashkilotning, deylik, Yoshlar ishlari agentligining vazifasi emas. Davlatimiz rahbari har bir vazirlik va idorani shu maqsadga yo‘naltirish hamda kun tartibiga olib chiqishni belgilab berdilar.
Har yili 600 ming yoshni ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Buning uchun bir nechta mexanizm bir vaqtning o‘zida ishga tushiriladi. Tadbirkorlik esa doimgidek markaziy o‘rinni egallaydi. “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi orqali 20 ming yoshni Harvard, Stenford, MIT va London biznes maktabi kabi muassasalar bilan hamkorlikda o‘qitish rejalashtirilgan. Mingta biznes loyihasi saralab olinadi va ularga uch yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha ssuda ajratiladi. Yosh tadbirkorlar uchun muhandislik tarmoqlariga ulanish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
Yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlariga safarimiz davomida olib borilgan muzokaralarda Harvard biznes maktabi, Yel, Kornell, Uorton, Stenford universiteti, Massachusets texnologiya instituti, yetakchi markazlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi orqali yosh asoschilarni shu ekotizimlarga olib kirish, ularni global bozor talablari asosida tayyorlash va amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.
Yana bir e’tiborli jihati, olis va chekka hududlarda o‘quv markazlarini tashkil etish uchun 300 million so‘mgacha ssuda ajratiladi. Mazkur markazlar uchun ijtimoiy soliq hamda o‘qituvchilar daromad solig‘i 1 foiz etib belgilanadi.
Elektron platformalar orqali bandlikni monitoring qilish tizimi ham joriy etilib, yoshlarning qayerda ishlayotgani, qaysi yo‘nalishda faol ekanini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Natijada esa kelajakdagi qarorlar real ma’lumotlarga asoslanadi. Samaradorlik, muammolarni yechishda ayni nuqtaga yetib borish faqat va faqat to‘g‘ri ma’lumotlar hamda shaffoflik orqali bo‘ladi.
Global raqobat yo‘li: bilim, til va tajriba
Oxirgi yillarda muhtaram Prezidentimiz zamonaviy, dunyo mehnat bozorida talabgir kasblarni yoshlarga chuqur o‘rgatish masalasiga katta e’tibor beryaptilar. Shu ma’noda mehnat bozoriga kirish jarayoni ham qayta ko‘rib chiqiladi. Kasbiy sertifikatlash, zamonaviy kasblar bo‘yicha tayyorlash, xalqaro dasturlar orqali tajriba orttirish imkoniyatlari kengaytiriladi. Ayni uzviylikda chet tilini bilish darajasi bo‘yicha berilgan rag‘batlar ham bejiz emas. B2 darajaga chiqqan yosh uchun xorijiy pasport rasmiylashtirishdagi yengillik uning keyingi harakatiga yo‘l ochadi. C1 darajaga ega bo‘lgan yoki tashabbus bilan chiqayotgan yoshlar uchun esa davlat xizmatlari to‘lovlari kamaytiriladi.
Aholi soni o‘sishi davom etayotgan bir vaziyatda biz uchun migratsiyani diversifikatsiya qilish juda muhim. Yoshlarga til o‘rgatib, zamonaviy, salohiyatli, bilimli qilib tarbiyalab, xorijiy davlatlarga mutaxassis, menejer, biznes egasi sifatida transfer qilish haqida o‘ylashimiz kerak. Yaqinda delegatsiyamiz bilan Kremniy vodiysida bo‘lganimizda u yerda 5 mingga yaqin o‘zbekistonliklar borligini ko‘rdik. O‘zbekiston haqiqiy yetakchi mutaxassislarni yetishtirib berish salohiyatiga ega. Biz esa shunga yo‘nalish berishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz zarur deb o‘ylayman.
Har yili 270 mingga yaqin yangi oila shakllanayotgani jamiyatda yangi ehtiyojlar qatlamini yaratadi. Yangi oila uchun uy-joy, doimiy daromad, barqaror muhit kerak. Agar shular qondirilmasa, boshqa yo‘nalishlarda erishilgan natijalar mustahkam bo‘lmaydi. Chunki har bir oila jamiyatning bir tayanchi, uni boshdanoq mustahkamlash zarur. Shu sababdan har yili kamida 10 mingta yosh oila ipoteka orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Kreditning Markaziy bank stavkasidan yuqori qismi qoplab berilishi orqali moliyaviy yuk kamaytiriladi.
Tizim faollikni rag‘batlantiradi
Yana bir muhim yo‘nalish – ko‘ngillilar, ya’ni volontyorlik harakati. Strategiyada ijtimoiy faollik masalasi aniq ko‘rsatkichlar bilan berilgan. Hozir ro‘yxatdan o‘tgan volontyorlarimiz soni 100 ming bo‘lsa, shu raqamni 900 mingga olib chiqmoqchimiz. Bu qisqa muddatli aksiyalar emas, barqaror ishtirok orqali to‘ldiriladi. Volontyorlik jamg‘armasi orqali 100 million so‘mgacha grantlar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Madaniy va ma’rifiy muhitni shakllantirish uchun “Yoshlar ko‘chalari” tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu joylarda kitob va “book kafe”lar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Yoshlarning vaqtini qanday o‘tkazishi masalasi shu yerda yechim topadi. Muayyan hududlarda minimal infratuzilma standartlari joriy etiladi va “yoshlar tuman-shaharlari” tanlab olinadi.
Shuningdek, ijodiy yo‘nalishda ham alohida rag‘batlar tizimi shakllantirilyapti. Ilg‘or ijodkorlar uchun Prezident mukofoti joriy etiladi. Ya’ni yoshlarning faolligi faqat ijtimoiy yoki iqtisodiy yo‘nalish bilan cheklab qo‘yilmaydi, madaniy qatlamga rag‘bat, aholimizning ma’naviy ehtiyojini qondirish yo‘lidagi tashabbuslar ham kuchaytiriladi.
Respublika miqyosida “Toshkent yoshlarni sevadi!” loyihasi, “Hayot fest”, “Talaba Fest”, “Talaba Expo 2026” kabi tadbirlar o‘tkaziladi. Robototexnika assotsiatsiyasining faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi. Bu yerda asosiy e’tibor sonni ko‘paytirishga emas, muhitni shakllantirishga qaratilgan. Biror yosh faol bo‘lishi uchun sharoit kerak, albatta. Shu sharoit ichida u o‘z yo‘nalishini tanlaydi va harakat qiladi.
Sog‘lom avlod – barqaror kelajak
Raqamli dunyoning rivojlanishi, texnologiyalar inqilobi, jamiyatda yangi avlodning shakllanishi jarayonida yoshlarning mental, psixologik salomatligi masalasi juda dolzarb. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda yig‘ilib qolgan muammolarni kechiktirmasdan hal qilish zarurati paydo bo‘ldi. Strategiyada ruhiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar ulushini 40 foizga kamaytirish vazifasi qo‘yilgan. Shu bilan birga, tun-u kun ishlaydigan psixologik aloqa markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Psixologik xizmatlarni kuchaytirish masalasi ta’lim va ijtimoiy muhit bilan bog‘lanadi. O‘qishi, ishi, oilaviy sharoiti yoshlarning ruhiy holatiga bevosita ta’sir qiladi.
Yana bir muhim yo‘nalish – jismoniy faollikni oshirishdan iborat. Sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar ulushini 25 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu ko‘rsatkich infratuzilma, sharoit va qiziqish bilan bog‘liq.
Strategiyada yoshlar bilan muloqot masalasi aniq mexanizmlar orqali yo‘lga qo‘yiladi. Bunday muloqotlar yoshlar siyosatimizda allaqachon bor edi, endigi vazifamiz uni yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat.
Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan muntazam ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilib, yoshlarning ehtiyoji, kutilmalar va real muammolari aniqlanadi. Shu ma’lumotlar asosida Milliy yoshlar indeksi shakllantiriladi.
Murojaatlar bilan ishlash ham ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Yoshlarning murojaatlari faqat qabul qilinmaydi, ular tahlil qilinadi va qarorlar qabul qilish jarayoniga ulanadi. Har payshanba yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazilishi belgilangan. Bu uchrashuvlar orqali bevosita aloqa saqlanadi.
Raqamli platformalar orqali ham muloqotni kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Bandlik, ta’lim, faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar yig‘iladi va yangilanadi. Bu yerda muhim jihat shundaki, muloqot doimiy jarayon sifatida shakllanib, qarorlarni real holatga tayangan holda qabul qilish imkonini beradi.
Strategiyada 100 ming yoshning global xalqaro dasturlarda ishtirokini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ham kengaytiriladi.
2026-2027-yillarga mo‘ljallangan 7 ta yo‘nalish va 56 ta loyiha strategiyaning qanchalik aniq bosqichga o‘tganini ko‘rsatadi. Umumiy maqsadlar alohida vazifalarga ajratilgan, muddat va natija mezonlari bilan mustahkamlangan. Ta’lim, bandlik, tadbirkorlik va ijtimoiy soha bir vaqtning o‘zida harakatga keladi, ularning uyg‘unligi natijaning sifatini belgilaydi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar aniqlangan, baholash aniq vazifalar kesimida olib boriladi.
“Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini e’lon qilishda davlatimiz rahbari bir muhim omilga to‘xtalib o‘tdilar: bu hujjat amaliyotda ishlashi uchun biz yoshlar bilan faol muloqotni davom ettirishimiz zarur. Ishonamanki, strategiya yoshlarimiz yangi marralarni zabt etishi va oldiga ulkan maqsadlarni qo‘yishi uchun katta qadam bo‘ladi.
Alisher SA’DULLAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator
