Parvozlar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha Davlat strategik harakatlar rejasi Kengashining ikkinchi yig‘ilishi
2025-05-22 19:00:00 / Yangiliklar
Bugun, 22 may kuni “Transport vazirligi va IKAO o‘rtasida boshqaruv xizmati to‘g‘risida Kelishuv”ga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida parvozlar xavfsizligini taʼminlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan Davlat strategik harakatlar rejasini amalga oshirish Kengashining yig‘ilishi o‘z ishini davom ettirdi.
Ushbu Kelishuvni amalga oshirish hamda aviatsiya sohasi mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotida (o‘sishida) muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, shuningdek, O‘zbekistonni mintaqaviy transport markaziga aylantirish maqsadida IKAO va “O‘zaviatsiya” agenligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida parvozlar xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2024-2026 yillar uchun mo‘ljallangan davlat strategik harakatlar rejasi (COSPA) (keyingi o‘rinlarda – Reja) ishlab chiqilgan va qabul qilingan.
Yig‘ilish doirasida IKAOning Yevropa va Shimoliy Atlantika byurosi direktori Nikolas Rallo 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida parvozlar xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat strategik harakatlar rejasi (COSPA) taqdimotida ishtirok etmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda Fransiya aviatsiya maʼmuriyati (DGCA), Fransiya aviatsiya xodisalarini tekshirish va parvozlar xavfsizligini tahlil qilish byurosi (BEA), AQSH aviatsiya maʼmuriyati (FAA), AQSH Transportda xavfsizlik bo‘yicha milliy kengashi (NTSB) va ACI/ACI-EUROPE, Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA), Airbus, Boeing va Jahon banki vakillari hamkor sifatida ishtirok etmoqda.
Reja - O‘zbekistonda parvozlar xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus yangi loyiha bo‘lib, mamlakatimizning milliy rivojlanish strategiyasiga mos ravishda ishlab chiqilgan va aviatsiya bilan bog‘liq maqsadlarga erishishga hissa qo‘shishga qaratilgan. Loyihada parvozlar xavfsizligi va samaradorligini oshirish kabi muhim yo‘nalishlarga eʼtibor qaratilgan. Bundan tashqari O‘zbekistonning mintaqada yetakchi davlatlardan biri ekanligini inobatga olib aviatsiya hamjamiyatidagi global mavqeini oshirishga yordam berish maqsad qilingan.



