Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
2026-03-12 12:00:00 / Yangiliklar
Ramazon oyi – ibodat va savobli amallarga boy, mehr-oqibat, saxovat hamda insonlar o‘rtasidagi ahillik va hamjihatlikni yanada mustahkamlovchi muborak oydir. Ushbu ulug‘ oyda yurtdoshlarimiz o‘rtasida mehr-muruvvat ko‘rsatish, ehtiyojmandlarga yordam berish kabi ezgu an’analar yanada keng quloch yoymoqda.
Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida keksa nuroniylarga ehtirom ko‘rsatish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bemorlarning holidan xabar olishga qaratilgan xayriya tadbirlari izchil davom etmoqda.
Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Chiroqchi va Nishon tumanlarida iftorlik dasturxoni tashkil etildi.
“O‘zaviatsiya” agentligi hamda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Chiroqchi va Nishon tumanlari hokimliklari hamkorligida o‘tkazilgan mazkur xayriya tadbirlarida kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, mehnat faxriylari hamda nuroniylar ishtirok etdi.
Tadbirda “O‘zaviatsiya” agentligi direktori Nazarov Taxir Alimjanovich, Yakkabog‘, Chiroqchi va Nishon tumanlari hokimlari — G‘iyosov Abdunabi Kamolovich, Xudoyqulov Bahodir Xudoyorovich, To‘g‘ayev Botir Normahmadovich hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Iftorlik dasturxoni atrofida Ramazon oyining ezgu fazilatlari haqida so‘z yuritilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda Vatanimiz ravnaqi uchun ezgu duolar qilindi.








