Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boʻlib oʻtdi
2025-05-14 19:50:00 / Yangiliklar

Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning savollariga sport vaziri A. Ikramov javob beryapti.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, so‘nggi to‘rt yilda budjetdan sportga ajratilayotgan mablag‘ 1,5 trillion so‘mdan 3 trillion so‘mga oshdi. Bugungi kunda mahalladan boshlab yoshlarni ommaviy sportga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada yangicha tizim va yondashuv amalga oshirilib, birgina o‘tgan yilning o‘zida ommaviy sportdagi aholi qamrovi 10 millionga yetkazildi.
Joriy yil yakuni bilan jami 378 ta sport maydonchalari nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilib, asosan umumta’lim maktablari hududida barpo etilsa, 2030-yilgacha esa 5 mingta bunday sport maydonchalarini quriladi.
A.Ikramovning qayd etishicha, tuman sport bo‘limlari maqbullashtirilib, sport maktablari – tuman va shaharlarda ommaviy va professional sportni rivojlantirish hamda sport siyosatini yuritishga mas’ulligi belgilandi. Ularning faoliyati jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport bilan shug‘ullanuvchilarni bosqichma-bosqich oshirib borishga yo‘naltirilmoqda.
Bugungi kunda 254 ta sport maktabida 460 ming nafar sportchi-o‘quvchi 32 ming sport guruhlarida mashg‘ulot olib boryapti. Ushbu muassasalarda esa 12,7 ming nafar trener faoliyat ko‘rsatmoqda. Endi, bu boradagi ishlarni kuchaytirish uchun mavjud shtat birliklari doirasida ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi.
Majlisda qayd etilishicha, so‘nggi 4 yilda 101 ta yirik sport obyektlari yangidan qurilib, 67 tasi rekonstruksiya qilingani, oxirgi 3 yilda joylarda jami 1 369 ta, shundan 474 ta universal, 647 ta stritbol-vorkaut va 248 ta vorkaut sport maydonchalari barpo etilganligini ma’lum qildi.
Sport maydonchalarining 671 tasi mahallada, 645 tasi maktablarda, 53 tasi sport-ta’lim muassasalari hududida barpo etilgan bo‘lsa, ularning 600 tasi eng olis va chekka qishloq hududlarida qurilgan.
2024-yil may oyidan boshlab ilk bor “tashabbus.sport” loyihasiga start berilib, aholi tomonidan ovoz berish yo‘li bilan mahallalar hududida sport maydonchalari qurilishi yo‘lga qo‘yildi. Loyiha doirasida 691 ta mahalla uchun jami 807 ming (har 1 mahallaga o‘rtacha 1 168 ta) ovoz berilib, g‘olib bo‘lgan 211 ta mahallaga sport maydonchasi qurib berildi.
Bundan tashqari, vazirlik tomonidan sport sohasini raqamlashtirish bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, vazirlik huzurida “Raqamlashtirish va sertifikatlash markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, so‘nggi uch yilda 24 ta yo‘nalishdagi axborot tizimlarini o‘zida birlashtirgan “ERP-Sport” yagona elektron platformasi ishga tushirilgan.
“Hukumat soati”da deputatlar tomonidan soha istiqboliga qaratilgan bir qator takliflar berildi va kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.









