Oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi
2025-05-01 22:00:00 / Yangiliklar

Bugun Sport vazirligida “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimidan to‘laqonli foydalanish va tizimda tegishli ma’lumotlar to‘liq qamrab olish bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tashkil etilgan seminarda, Sport turlari bo‘yicha federatsiyalar, Oliy sport mahorati maktablari hamda “Raqamlashtirish va sertifikatlash markazi” mas’ullari ishtirok etishdi.
Seminarda sport turlari bo‘yicha musobaqa buyruqlarini “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimining “Sertifikatlash” quyi axborot tizimi orqali yuritish, musobaqada g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarning erishgan natijalari to‘g‘risida asoslovchi ma’lumotlarni platformaga yuritish bo‘yicha to‘laqonli tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida kalendar rejani vazirlik, hududlar, muassasalar va federatsiya/assotsiatsiyalar tomonidan tizimga kiritilishini va tasdiqlanishini ta’minlash hamda doimiy monitoringini olib borish, respublika va hududiy terma jamoalarni tizimga kiritish, musobaqalar buyrug‘ini shakllantirishda elektron talabnomalarni qabul qilish, ijrochilarni belgilash va rahbarga kiritish, respublika oliy sport mahorati maktablari va xususiy klublarining sport guruhlarini yaratish va sportchilarni biriktirish, Respublika oliy sport mahorati guruhiga biriktirilgan sportchilar soni va haqqoniyligi tahlilini olib borish, sportchining sportdagi natijalarini kiritish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shundan so‘ng, “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimidan to‘laqonli foydalanish va tizimda tegishli ma’lumotlar to‘liq qamrab olish, sport musobaqalarini yuqori saviyada o‘tkazish, elektron platforma orqali jamoalarni yaratish, ishtirokchilar ro‘yxatini shakllantirish tartibi bo‘yicha mas’ullar faolligini oshirish yuzasidan navbatdagi vazifalar belgilab olinib, bu borada mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
