O‘q otish sportini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi
2025-03-17 19:00:00 / Yangiliklar

Bugun Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida O‘zbekiston O‘q otish sporti federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri – O‘q otish sporti federatsiyasi raisi, general-mayor Shuhrat Xalmuxamedov, Sport vaziri Adkham Ikramov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilgan studiyalardan hududiy sport boshqarmalari, “Vatanparvar” tashkiloti va o‘q otish sporti bo‘yicha mas’ullar, Federatsiya vakillari hamda murabbiylar ishtirok etdi.
Xabaringiz bor, 2024 yilning 4-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘q otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Mazkur qaror mamlakatimizda ushbu sport taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish, iqtidorli sportchilarni tayyorlash, murabbiy va hakamlar malakasini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Konferensiyada qisqa vaqt ichida federatsiya boshqaruvida amalga oshirilgan ishlar, yaqin istiqboldagi rejalar, sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq chora-tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirish xususida to‘xtalib o‘tildi.
So‘ngra kun tartibiga muvofiq Federatsiyaga rais o‘rinbosarlarini saylash, ijroiya qo‘mitasi va nazorat-taftish komissiyasi tarkibini tasdiqlash, federatsiyaning hududiy bo‘limlariga yangi raislarni tayinlash kabi masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, nomzodlar ovoz berish orqali tasdiqlandi.






