SPORTDA ENG MUHIMI TARTIB – INTIZOM VA NATIJA
2024-11-14 10:15:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Ijro intizomi davlat organlari va tashkilotlarining ish samaradorligini taʼminlovchi muhim hamda asosiy faoliyat koʻrsatkichlaridan biri ekani hech kimga sir emas.
Shu bois barcha sohalardagi kabi sportda ham olib borilayotgan islohotlarning samarali amalga oshirilishi, birinchi navbatda, vazirlikning barcha boʻgʻinlarida ijro intizomining zarur darajada tashkil etilishi bilan bogʻliq.
Hozir har jabhada, har sohada tub yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Bunda, har birimizdan oʻz vazifamizga vijdonan yondashish, Prezidentimiz ilgari surayotgan tamoyillarni, topshiriqlarni soʻzsiz bajarishni talab etadi.
Shunday ekan, bugun barcha vazirlik, idoralar va hokimliklar uchun ijro intizomini taʼminlash gʻoyat muhim maqsad va vazifa sanaladi.
Avvalo, Davlatimiz Rahbari tomonidan imzolanayotgan Farmonlar, qabul qilinayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda mamlakat taraqqiyoti, xalq manfaati va fuqarolar farovonligini taʼminlash maqsadi koʻzda tutilganini alohida eʼtirof etish joiz.
Qayd etish joizki, soʻnggi yillarda bevosita Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan sport yoʻnalishida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirib borilmoqda.
Soʻngi uch yil davomida sport sohasiga oid 76 ta Prezident Farmoni, qarori va Hukumat qarorlari qabul qilinib, sohani rivojlantirish boʻyicha bir nechta yoʻnalishlarda tegishli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, ommaviy sportni rivojlantirish, sport taʼlimi tizimini takomillashtirish, sport infratuzilmasini rivojlantirish, olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish hamda sport sohasini raqamlashtirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi.
Buning natijasini, Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtgan XXXIII-yozgi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasini muvaffaqiyotli ishtirokidan koʻrishimiz mumkin. Mazkur Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston oʻz tarixida eng koʻp tarkib bilan, yaʼni 19 ta sport turi boʻyicha 90 nafar sportchi bilan ishtirok etdi.
Oʻzbekiston sport delegatsiyasi 5 ta sport turidan (boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, ogʻir atletika) jami 13 ta medal, shundan 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza bilan umumjamoa hisobida 13-oʻrinni egalladi.
Oʻzbekiston Olimpiya oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan natijalariga koʻra, Markaziy Osiyo, MDH, Islom va Turkiy tilli davlatlar oʻrtasida 1-oʻrinni, Osiyodagi 45 ta davlat oʻrtasida 4-oʻrinni egallagani bilan Prezidentimizning sport sohasida olib borayotgan islohotlarini natijasini koʻrishimiz mumkin.
Shu bois, xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan maqsadlarga erishishda har birimiz masʼul ekanimizni unutmasligimiz lozim. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni va “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 31-maydagi PQ–5132-son qarorining qabul qilinishi har qanday davlat organlari va tashkilotlarning ish samaradorligini taʼminlashda hamda qatʼiy intizom oʻrnatishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bugungi kunda yuqoridagi hujjat ijrosini taʼminlash hamda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha vazirlikda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish maqsadida “Ijro.gov.uz” elektron tizimidagi topshiriqlarni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama etish yuzasidan har hafta yigʻilishlar oʻtkazilib kelinmoqda.
Jumladan, ijro intizomi masalasini har haftaning juma kuni — vazir oʻrinbosarlari huzurida, dushanba kunlari — vazir huzurida tizimli ravishda muhokama qilib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Ijro intizomini yanada mustahkamlash va 2024-yildagi ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha topshiriqlarning kunbay tahlili tasdiqlangan kalendar grafiklar asosida olib borilmoqda.
Mazkur qabul qilingan hujjatlar topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish va tahlil qilishning taʼsirchan tizimini yaratish, mamlakatimizdagi tarmoq va hududiy rivojlanish dasturlarida belgilangan vazifalarni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasi, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadiga qaratilgan.
Taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda soʻnggi yillarda qabul qilinayotgan Qonun va qonunosti hujjatlarning asosiy funksiyasi davlat boshqaruvini tartibga solish, qabul qilinayotgan hujjatlarning soʻzsiz va oʻz muddatida ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda.
Qonun hujjatlarining oʻz vaqtida bajarilmasligi taraqqiyotimiz ravnaqiga, xalqimizning ertangi kunga boʻlgan ishonchiga putur yetkazishini barchamiz yaxshi bilamiz, albatta. Shunday ekan, birgina mamlakatimizda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar Sport vazirligi tizimida qanchalik samara berayotgani haqida toʻxtalib oʻtsak.
Soʻnggi 2-yilda sport infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan hamda olis va chekka hududlarda joylashgan mahallalarda mingga yaqin namunaviy tipdagi sport maydonchalari barpo etildi, joriy yilda 400 ta sport maydonchalari qurib foydalanishga topshirildi.
2024-yilning yakuniga qadar ommaviy sportdagi yoshlar qamrovini 10 millionga yetkazish uchun umumtaʼlim maktablarining 3,5 million, oliy va professional taʼlim tizimida qariyb 1,5 million oʻquvchi va talabalar bilan ishlanmoqda. Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyati yangidan yoʻlga qoʻyilib, sportchilarni individual tayyorlash hamda ilk bor paralimpiya yoʻnalishida sportchilarni tayyorlash tizimi yaratildi. Milliy terma jamoalar aʼzolari 2022-yildagi 7 502 nafardan 9 146 nafarga (5 629 nafar asosiy va 3 517 nafar zaxira) yetkazildi.
Olimpiya sport turlari boʻyicha xalqaro hamda kompleks musobaqalarda sportchilarimiz tomonidan 986 ta, shundan 274 ta oltin, 298 ta kumush va 414 ta bronza medallar qoʻlga kiritildi.
Paralimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz 6 ta sport turidan (para yengil atletika, para dzyudo, para taekvondo, para pauerlifting, para suzish, para oʻq otish) jami 26 ta medal, shundan 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza bilan umumjamoa hisobida 13-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
2025-yilda yoshlar oʻrtasida boʻlib oʻtadigan yozgi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarini Toshkent shahrida tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.
Shuningdek, sport sohasi uchun ajratilayotgan byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 24 ta axborot tizimini oʻz ichiga olgan “ERP-Sport” tizimi toʻliq ishga tushirildi. Shundan kelib chiqib, vazirlik markaziy apparatida topshiriqlarni bajarish boʻyicha KPI tizimi ishlab chiqilgan boʻlib, unda xodimlar oʻzlariga yuklatilgan vazifalarning natijadorligi asosida ragʻbatlantirib boriladi.
Ushbu tizim hozirgi kunda yanada takomillashtirilib, hududiy tuzilmalar va tizim tashkilotlariga joriy qilish boʻyicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Soʻnggi yillarda davlat va jamiyat boshqaruvida amalga oshirilgan samarali islohotlar, zamonaviy boshqaruv uslublarining keng koʻlamda tatbiq etilishi, nazorat va ijroni yuritish shakllari takomillashgani kabi qator ishlar hamda davlat boshqaruvi tizimidagi turli boʻgʻin rahbarlari shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha koʻrilgan qatʼiy chora-tadbirlar yoshlar va sport sohasidagi muhim vazifalarni bajarish imkonini berayotgani yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Tizimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat qaror va topshiriqlarida belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha nazoratni kuchaytirish, masʼuliyat va javobgarlik hissini oshirish, ayniqsa, rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirishga asosiy eʼtibor qaratilmoqda.
Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni puxta ishlab chiqish hamda qabul qilishning taʼsirchan amaliyotini shakllantirish, ularni aniq ijrochilar, keng jamoatchilik, shuningdek, aholiga tezkor yetkazish, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirish, joriy, oʻrta muddatli va istiqboldagi vazifalarni samarali amalga oshirish boʻyicha shoshilinch, tezkor choralar koʻrish boʻyicha amaliy harakatlar yuqorida qayd etilgan hujjatda aniq belgilab berilgan. Shu bilan birgalikda, ijro intizomiga masʼuliyatsiz yondashgan rahbarlar uchun qonuniy choralar koʻrilishi ham alohida taʼkidlangan.
Hujjatlar ijrosini taʼminlash, muammolarni oʻrganish va bartaraf etishda joyiga chiqib oʻrganish va oʻz oʻrnida hal etish zarurati tugʻilmoqda. Muammolarni vazirlikdan turib emas, balki xalq ichida oʻrganib chiqilishi, soha vakillari va aholi bilan birgalikda ularni barataraf etish boʻyicha yechim topish belgilab qoʻyildi.
Qoʻyilgan vazifalarni oʻz vaqtida bajarilishining samarali usuli zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishdir. Elektron muhitda hujjatlar almashinuvini yanada faollashtirish ortiqcha qogʻoz, vaqt va boshqa moliyaviy isrofgarchiliklarning oldini olish barobarida, belgilangan vazifalarning ijrochiga oʻz vaqtida yetib borishini hamda xalqning muammosi oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlaydi.
Bugungi kunda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi amalda nazorat qilinishi tashkil etilgan boʻlib, bunda vazirlik hamda uning tizim tashkilotlarida ishlarning real holatini tanqidiy oʻrganish, shuningdek, elektron maʼlumotlar bazasi asosida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida oʻz vaqtida hisobot berilishiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarini oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq ijro etilishi yuzasidan “texnologik zanjir” asosida Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi bilan birgalikda tizimli ishlar olib borilmoqda. Qonun hujjatlari va yuqori turuvchi organlar topshirigʻi ijrosining oʻz vaqtida amalga oshirilishi boʻyicha javobgarlik vazirlikning barcha boʻgʻinlari rahbarlariga yuklatildi.
Shu bilan birga, soha kadrlarining ijro intizomi ahamiyati va zarurati haqida bilimi, hujjatlar bilan ishlash boʻyicha malakasini oshirishga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar muntazam oʻtkazib borilmoqda. Koʻrilgan choralar va belgilangan vazifalar vazirligimiz oldida turgan muhim dastur va rejalarning ijrosini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda asosiy vazifamiz, yuqorida taʼkidlaganimizdek, ijro intizomini taʼminlash, har birimiz oʻz vazifamizga sidqidildan yondashish hamda “Sportda eng muhimi tartib – intizom va natija” degan shior bilan har kunlik ish jarayonimizni olib borish zarurligini talab etmoqda.
Ikramov Adxam Ilxamovich Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri
