Vazifalar va funksiyalar
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 158-son qaroriga asosan Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilgan. Ushbu tuzilma yuridik shaxs maqomiga ega bo'lib, Jamoat ishlari jamgʻarmasi, Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasining barcha huquq va majburiyatlari bo'yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Jamgʻarmaning asosiy maqsadi Jamgʻarmaning asosiy maqsadi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila aʼzolarining bandligini ragʻbatlantirish hamda ularni tadbirkorlikka jalb etishga koʻmaklashishdan iborat. Shuningdek, ushbu shaxslarga hamda ularning bandligini taʼminlashga yordam beruvchi yuridik va jismoniy shaxslarga moliyaviy yordamlar ajratish, pilla yetishtiruvchilarni ragʻbatlantirish va ayrim sohalarda mavsumiy ishchilarning ish haqining bir qismini kompensatsiya qilish jamg'armaning muhim maqsadlari sirasiga kiradi.
Moliyaviy ko'mak turlari va yo'nalishlari Jamg'arma aholini kambag'allikdan chiqarish, munosib daromad manbaiga ega qilish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash uchun qator moliyaviy insturmentlardan foydalanadi:
Subsidiyalar: Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan jismoniy va yuridik shaxslarga qaytarib bermaslik sharti bilan beriladigan foizsiz moliyaviy koʻmak. Bu mablag'lar aholining o'zini o'zi band qilishi uchun sharoit yaratish (issiqxonalar, asbob-uskunalar, quyosh panellari xarid qilish), kasanachilikni tashkil etish, ustoz-shogird an'analarini rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq aniq loyihalarga yo'naltiriladi.
Ssudalar: Aholi va tadbirkorlarga kelgusida qaytarish sharti bilan beriladigan foizsiz qarz (moliyaviy koʻmak) hisoblanadi. Ushbu mablag'lar kasanachilarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarning aylanma mablagʻlarini toʻldirishga, shuningdek, ehtiyojmand oilalarga o'z biznesini, qishloq yoki dehqonchilik xo'jaligini (suv quduqlari, nasoslar va boshqalar) boshlashi uchun zarur bo'lgan resurslarni xarid qilishlari uchun qulay muddatlarga ajratiladi.
Grantlar va kompensatsiyalar: Grantlar o'z tajribasini kambag'al oilalarga o'rgatib, ularni daromad manbaiga ega bo'lishiga ko'maklashgan tadbirkorlik subyektlarini rag'batlantirish uchun qaytarilmas ashyoviy yoki pul ko'rinishida beriladi. Kompensatsiyalar esa maxsus ishlab chiqarish tarmoqlarida (masalan, ipak qurti urug'chiligida) mavsumiy ishchilarni jalb etganlik uchun ularning oylik ish haqining bir qismini qoplab berishga xizmat qiladi.
Boshqaruv, murojaat va nazorat tizimi Jamgʻarma faoliyati Vasiylik kengashi (oliy boshqaruv organi) hamda Ijro etuvchi direktor boshchiligidagi direksiya tomonidan boshqariladi.
Moliyaviy yordam olishni istagan fuqarolar va tadbirkorlar bevosita o'z hududlaridagi hokim yordamchilariga yoxud elektron tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va "Onlayn mahalla" platformasi orqali murojaat qilishlari mumkin. Murojaatlar joylardagi "Mahalla yettiligi" tomonidan xolis o'rganilib, kollegial qarorlar qabul qilinadi. Shuningdek, ajratilgan mablag'larning to'g'ri va maqsadli sarflanishi ustidan tizimli monitoring olib boriladi
